03.11.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Ostona shahriga amaliy tashrifini yakunladi.
Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston yetakchisi yurtimizning tashkilotga raisligida erishilgan asosiy natijalarni qayd etdi, tuzilmani yanada rivojlantirish va turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari borasidagi fikrlarini bayon qildi, qator muhim taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Turkiy dunyoning oliy ordeni” tantanali topshirildi.
Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, O‘zbekiston Prezidenti Toshkentga jo‘nab ketdi. Aeroportda davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov kuzatib qo‘ydi.