26.10.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Qozog‘iston Majlisining raisi davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib bormoqda, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika, logistika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o‘rtasidagi Parlamentlararo kengashning bugun bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishining samarali natijalari alohida qayd etildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni so‘zsiz bajarish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida yaqin parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Qonun ijodkorligi faoliyati sohasida, o‘z-o‘zini boshqarish organlarini rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tajriba almashish, shu jumladan yosh deputatlar delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilab olindi.