25.10.2023
Qarshi shahrida 25-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Dunyoda ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgani, befarqlik, o‘zibo‘larchilik kayfiyati bilan rivojlanib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
– Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajagi uchun yangi korxonalar, yangi bozorlar, investitsiya, ish o‘rinlari, katta-katta tushumlar kerak. Jahon bozoridagi tebranishlar, hamkor davlatlardagi savdo cheklovlari davom etaversa, mahsulotlarni qayerga va qanday sotish kerak? Buning uchun qaysi korxonaga qanday ko‘mak berish zarur, – deya savollar qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu nuqtai nazardan, yig‘ilishda asosiy e’tibor sanoat, turizm, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Masalan, Dehqonobod, Kitob va Qarshi tumanlaridagi sanoat zonalarida 100 gektar yer bo‘sh turibdi. Tadbirkorlar ularga 300 million dollar investitsiya kiritib, 3 ming 500 ta ish o‘rni yaratish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, go‘sht, sut va muva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 50 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish imkoniyati bor.
Davlat rahbari Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi kerakligini aytdi. Viloyatda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda o‘sish sur’atlari respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi o‘rinlarda.
Masalan, Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uning atigi 4 foizi viloyatning o‘zida qayta ishlanadi. Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabz tumanida grafit, Yakkabog‘da kvars qumi, Chiroqchida marganes, Kitobda dolomit va chinni konlari negizida ko‘p mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin.
Viloyatda yilning to‘rt mavsumida ham turistlarni jalb qilish salohiyati bor. Lekin, bu hozir Shahrisabz shahri va tog‘li tumanlar bilan chegaralangan. Yil boshidan beri Qashqadaryoga 180 ming nafar xorijiy sayyoh kelgani holda, qo‘shni Samarqand va Buxoroga 3,5 million kelgan.
Davlatimiz rahbari qulay infratuzilma yaratib, turistlarni ko‘paytirish yo‘llarini ko‘rsatib o‘tdi.
Xususan, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasi master-rejasi tayyorlangan. Bunda 450 million dollar qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratiladi. Arxitektura yechimlari qo‘llangani uchun tadbirkorlarda sohaga ishtiyoq kuchaydi. Buning hisobidan Shahrisabzning o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 milliard so‘m tushum kutilayapti, 5 mingta yangi doimiy ish o‘rni paydo bo‘layapti.
Shu maqsadda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. 1 yanvardan boshlab, u yerdan Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi. Toshkent – Qarshi yo‘nalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi. Natijada aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashishi, xorijiy va mahalliy sayyohlar 3 barobar ko‘payishi mo‘ljallangan.
Shuningdek, viloyatga avtotransportda kelishni qulaylashtirish maqsadida “Taxtaqoracha” dovonidan o‘tish talablari yengillashtiriladi. Kelgusi yilda dovonda yangi tonnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanadi. Samarqand bilan Shahrisabzni bog‘lovchi 30 kilometr yo‘l hamda G‘uzor – Buxoro yo‘lining 100 kilometr qismi ta’mirlanadi.
Umuman, kelgusi yilda xorijiy sayyohlarni 500 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligida ham salohiyat katta. Qashqadaryo respublikada eng ko‘p don va paxta yetkazib beradi. Lekin viloyatda ish o‘rnini ko‘p yaratadigan mato to‘qish 30 foizdan oshmaydi, matoni bo‘yash yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, buning hisobidan qo‘shimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkin.
Shu bois kelgusi yilda viloyatda 370 million dollarlik 33 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatda To‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish zarurligi qayd etildi.
Viloyatda 1,4 million gektar yaylov bor. Bu – 7 million bosh qoramol va quy-echki uchun tabiiy ozuqa bazasi. Lekin Mirishkor, Muborak va Nishonda 20 foiz yaylov degradatsiyaga uchragan, yana 25 foizida maysa yo‘q.
Shu bois, kelgusi yilda 100 ming gektar yaylovni yashil ekinlar bilan qoplash dasturi amalga oshirilishi aytildi. Bunda qurg‘oqchilik, issiq va cho‘llanishga qarshi urug‘chilik xo‘jaliklari tashkil qilinadi, meva-sabzavot va dorivor o‘simliklar ekiladi, daraxtzorlar barpo qilinadi, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Quyosh energiyasida ishlaydigan nasoslar o‘rnatilib, yomg‘irlatib sug‘orish pilot loyihasi ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, Chorva mollari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil qilinib, Ispaniyaning “Assaf” qo‘ylaridan yangi milliy zotlar ko‘paytiriladi.
Mutasaddilarga 1,4 million gektar yaylovning elektron xaritasini yaratish va 100 ming aholini band qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident ekinlarni suv bilan ta’minlash masalasi yildan yilga qiyinlashib borayotganiga to‘xtaldi. Bu muammo Qashqadaryo uchun ayniqsa dolzarb. Lekin suv tejovchi texnologiyalar 515 ming gektardan atigi 16 foizida joriy qilingan.
Shu bois, viloyatga 15 ta lazerli tekislash texnikasi olib kelinib, suv ta’minoti og‘ir Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda dehqonlarga arzon va sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Sug‘orish tarmog‘ini bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazib, 30 foiz suvni tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga kanallarni betonlash, qo‘shimcha nasos va texnika olish, “Paxtaobod” kanalini modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, Qarshi shahridan tashqari boshqa birorta tumanda IT markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, 60 ta kollejning bo‘sh turgan maydonlarida ham ishlab chiqarish, ham amaliy ta’limni yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.
Prezident kitoblik tadbirkorning IT klaster va universitet ochish tashabbusini ma’qulladi.
Viloyat va tuman hokimlariga har bir tumandagi ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash, ta’lim muassasalarida ish beruvchilarning amaliy ustaxonasi va sexlarini ochish topshirildi. Bu ishlarga 30 milliard so‘m ajratiladi.
Voha aholisining 42 foizida ortiqcha vazn muammosi sabab yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligi ko‘paygani qayd etildi. Prezident bu holatdan tashvish bildirib, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish va viloyatda sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, rossiyalik hamkorlar bilan Kitobda zamonaviy kardiologiya markazini barpo etiladi. Mobil poliklinikalar xizmati yo‘lga qo‘yiladi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 600 o‘rinli zamonaviy klinika tashkil qilinadi.
Qashqadaryo viloti hokimi M.Azimov kelgusi yilda 1 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 40 trillion so‘m mahsulot ishlab chiqarish, 500 million dollar eksportni amalga oshirib, 200 million dollar importni qisqartirish, 500 ming xorijiy sayyoh jalb qilib, 550 ming aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda ko‘tarilgan har bir masala bo‘yicha vazirlar va hokimlar tengma-teng hisobot berdi.
Shu bilan Qashqadaryoga tashrif yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.