18.10.2023
Hurmatli Guterrish janoblari!
Hurmatli Xan Chjen janoblari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblariga “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumida ishtirok etishga taklif qilgani hamda iliq qabul uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
“Makon va yo‘l” tashabbusining o‘n yilligi munosabati bilan xitoylik do‘stlarimiz hamda tadbirning barcha ishtirokchilari nomiga bildirilgan tabrik so‘zlariga qo‘shilaman.
Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ulug‘vor g‘oya tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlariga ega bo‘ldi va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylandi. U umumiy taraqqiyot va farovonlikka erishish yo‘lidagi zaruriy, inklyuziv va ochiq platformaga aylandi.
Jahondagi yetakchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch inqirozi tufayli vujudga kelgan hozirgi geosiyosiy beqarorlik sharoitida ushbu dasturning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib “Makon va yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlaganini alohida ta’kidlashni istardim. Biz mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdorimiz.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Xitoyning “Yashil ipak yo‘li” tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy “yashil” kelajak kun tartibini shakllantiradi, deb hisoblaymiz. Ushbu g‘oya Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblari tomonidan ilk bor 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda e’lon qilingani chuqur ramziy ma’noga ega.
O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini ta’kidlamoqchiman.
Hozirgi vaqtda bizning mintaqamiz mamlakatlari global isish, ekologik muvozanat buzilishining anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan jiddiy tahdidlarini o‘zida to‘liq his etmoqda.
Birgina misol – ko‘p yillik kuzatishlar bugungi kunda Markaziy Osiyoda o‘rtacha havo haroratining oshib borishi dunyodagi umumiy ko‘rsatkichlardan ikki marta yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirmoqdamiz.
O‘zbekiston joriy yilning sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusiga ko‘ra bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ulkan vazifalar sammitini ham yuqori baholaydi hamda mazkur anjuman yakunlarining tezroq amalga oshirilishiga umid bildiradi.
Biz 2024-yil Markaziy Osiyoda “yashil” taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish yo‘lida fikr almashish va sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish niyatidamiz.
Umid qilamizki, ushbu forum barqaror rivojlanish yo‘lidagi global xavf-xatarlarga javob topish uchun “Kelajak uchun – Samarqand muloqoti”ni tashkil etishda amaliy qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston “Yashil ipak yo‘li” doirasida keng ko‘lamli xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Shu munosabat bilan Xitoy hamda “Makon va yo‘l” sammitining boshqa ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Birinchidan, birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni yanada yaqindan muvofiqlashtirish maqsadida “Markaziy Osiyoning “yashil” kun tartibi” va “Yashil ipak yo‘li” konseptual tashabbuslarining o‘zaro bog‘liq holda amalga oshirilishi tarafdorimiz.
Quyidagi muhim vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamdagi ”Yashil” taraqqiyot dasturi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz: iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” taraqqiyot talablari asosida transformatsiya qilish va raqamlashtirish, transport va energetika tarmoqlarida barqaror infratuzilmani yaratish, “yashil” sanoat quvvatlarini ishga tushirish, kambag‘allikni qisqartirish va “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish.
Ikkinchidan, “yashil” ishlab chiqarish zanjirlari va innovatsiyalarni rivojlantirish sohasida amaliy hamkorlikni kengaytirishni muhim, deb hisoblaymiz.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda va boshqa xorijiy hamkorlarni jalb etgan holda, “yashil texnologiyalar”ni keng joriy qilish asosida sanoat sohasida va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish uchun Orolbo‘yi mintaqasida Maxsus namunali texnologik parkni tashkil etishga tayyormiz.
Uchinchidan, Xitoyning “Makon va yo‘l” dasturining “yashil” investitsiyalar tamoyillari” borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz va uni amalga oshirishda ishtirok etish niyatidamiz.
O‘zbekistonda “Yashil” moliyalashtirish” jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qilamiz. Ushbu jamg‘arma kam uglerodli iqtisodiyot va “toza” texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqa mamlakatlarida yuqori ekologik standartlarni joriy etish uchun moliyaviy resurslarni safarbar qilishning ta’sirchan vositasiga aylanadi.
To‘rtinchidan, biz “Makon va yo‘l” dasturida ishtirok etayotgan mamlakatlarni “yashil” mahsulotlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosidagi cheklov va to‘siqlarni kamaytirishga chaqiramiz.
Beshinchidan, “yashil” energiyaga o‘tish bo‘yicha muloqotni faollashtirish va “Makon va yo‘l” tashabbusiga qo‘shilgan mamlakatlar vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazishni muhim, deb bilamiz.
Aminmizki, bu qayta tiklanadigan energiya sohasida xalqaro kun tartibini kengaytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Oltinchidan, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlarni transfer qilish bo‘yicha ilmiy-axborot platformasini ishga tushirishni taklif etamiz.
Yettinchidan, biz Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida “Yashil” taraqqiyot va ekologiya sohasida mutaxassislar tayyorlash va akademik almashuvni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqish tarafdorimiz.
Bu borada Xitoy hamda “Makon va yo‘l” tashabbusining boshqa ishtirokchi mamlakatlari yetakchi oliygohlari va ta’lim markazlari bizning sheriklarimiz sifatida ishtirok etishlari mumkin.
Va nihoyat, biz jamiyatda tabiiy resurslar va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish bo‘yicha an’anaviy qadriyatlarni qaror toptirmasdan turib, “yashil” taraqqiyotga o‘tish mumkin emas, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida “yashil” madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha Global dasturni ishga tushirishni va unda etno-ekologik festivallar, forumlar, mamlakatlarimizdagi taniqli jamoat arboblari, fan, biznes va madaniyat namoyandalari ishtirokida taqdimotlar va tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutishni taklif etamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Donishmand xitoy xalqining maqolida aytilganidek, “Kelgusi asrning baxti ushbu asrda quriladi”.
Bugun biz sa’y-harakatlarimizni birlashtirgan va kuchaytirgan holda, insoniyatning “yashil” kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratmoqdamiz.
Ishonchim komilki, bugungi uchrashuvimiz yakunlari, bildirilgan g‘oya va takliflar bizning ana shu ezgu maqsadga erishish yo‘lidagi umumiy aniq hissamiz bo‘ladi.
Barchangizga muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.