13.10.2023
Qadrli hamkasblar!
Avvalo, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti, hurmatli Sadir Nurg‘ojoyevich Japarovga an’anaviy iliq qabul va sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Biz O‘zbekistonda Qirg‘izistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligining samarali yakunlarini yuksak baholaymiz.
Bu davrda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish borasida katta ishlar amalga oshirildi, ko‘p tomonlama qator muhim hujjatlar, jumladan, Xizmatlarning erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi.
Biz, shuningdek, kun tartibini va ushbu yig‘ilish uchun tayyorlangan qarorlar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bizning uchrashuvimiz global geosiyosiy keskinlik kuchayayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Barcha hamkasblarim o‘z chiqishlarida oldimizda turgan umumiy tahdid va xavf-xatarlarni qayd qilib o‘tdilar.
Ming afsuski, dunyoning turli mintaqalaridagi keskinlashib borayotgan ziddiyatlarning oqibatlari barcha mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bunday vaziyatda biz MDH bo‘yicha sheriklarimiz bilan hamkorlikning yangi yo‘llari va mexanizmlarini izlashda davom etamiz.
Gap, avvalo, muqobil savdo-logistika yo‘nalishlarini shakllantirish, qo‘shilgan qiymatning qisqa va yanada samarali zanjirlarini yaratish, mamlakatlarimiz iqtisodiyotidagi bir-birini to‘ldiradigan zaxiralardan imkon qadar yuqori darajada foydalanish, biznes aloqalarini rag‘batlantirish haqida bormoqda.
Biz paydo bo‘ladigan xavf-xatarlarni birgalikda baholash, muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart qarorlarni qabul qilish uchun MDH doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning noyob platformasi to‘liq ishga solinishidan manfaatdormiz.
Shu munosabat bilan Hamdo‘stlikning uzoq muddatli yangi kun tartibini ishlab chiqish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil markazlari va ekspertlari ishtirokida konferensiya tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilaman.
Qadrli hamkasblar!
Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmi atigi 5 foizga oshdi. Shu bilan birga, o‘sish sur’atlarining sekinlashish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Yuqori darajadagi ekspertlarimiz uchrashuvlari natijalari to‘laqonli erkin savdo zonasini shakllantirish yo‘lida hali ham ko‘plab to‘siqlar mavjudligidan dalolat beradi.
Biz quyidagilarni taklif etamiz:
birinchidan, Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi shartnomaning tovarlarni olib qo‘yishga doir qoidalarini qayta ko‘rib chiqish.
Shartnoma imzolanganidan buyon yetarlicha vaqt o‘tdi hamda ushbu hujjatni bizning asosiy maqsad va vazifalarimiz bilan to‘liq muvofiqlashtirish vaqti keldi;
ikkinchidan, import o‘rnini bosishga qaratilgan milliy dasturlarni o‘zaro uyg‘unlashtirish;
uchinchidan, davlat xaridlari bozoriga imtiyozli kirish huquqini o‘zaro kelishuv asosida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
to‘rtinchidan, qo‘shma ulgurji taqsimlash va logistika markazlarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash dasturini qabul qilish;
beshinchidan, elektron savdoni rivojlantirishni, jumladan, mavjud platformalarni kengaytirish yo‘li bilan rag‘batlantirish.
Yana bir muhim jihat bu – o‘zaro savdodagi texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholash bo‘yicha ishlar natijalarini tan olish to‘g‘risidagi MDH bitimlarining qabul qilinishini jadallashtirishdan iborat.
Ushbu masalalarning barchasi Hamdo‘stlik Iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi zarur.
Sanoat kooperatsiyasi istiqbollari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda MDH mamlakatlari bilan qo‘shma investitsiya loyihalariga doir portfelimiz hajmi 25 milliard dollardan oshdi.
Yaqinda qabul qilingan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Sanoat siyosati bo‘yicha kengashi doirasida o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish hamda texnoparklarni tashkil etish bo‘yicha Qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif qilaman.
Bunda xaridlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sug‘urta hisobidan qoplab berish va off-teyk xarid masalalarini puxta o‘ylab ko‘rish muhimdir.
Kelgusi yilning aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “INNOPROM” sanoat haftaligi doirasida MDH mamlakatlarining sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazishga ham tayyormiz.
Energetika sohasida MDHga a’zo har bir mamlakatning elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’mol qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda, energiya tizimlarimiz yaxlit holda ishlay oladigan sharoitlarni yaratish zarur, deb hisoblaymiz.
Yana bir ustuvor vazifa – Hamdo‘stlik davlatlarida iste’molchilarni yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdan iborat.
Shu munosabat bilan agrosanoat komplekslari, logistika va “ekspress” koridorlarning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish, tarmoqni texnologik modernizatsiya qilish va tizimli ilm-fan almashinuvi masalalarini hal etish talab etiladi.
Amaldagi tarmoq kengashi doirasida Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangilangan hamkorlik dasturini va Agrosanoat sektorida kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlashni taklif qilamiz.
Hududlararo hamkorlik juda katta imkoniyatga ega ekani ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bunday sheriklikni qo‘llab-quvvatlash choralarini o‘z ichiga olgan alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, hududlarning birinchi Forumini, ko‘rgazma va yarmarkalarni hamda ishbilarmon doiralar vakillarining o‘zaro tashriflarini o‘tkazish zarur, deb hisoblaymiz.
Transport sohasida quyidagi imkoniyatlarni yaratish tarafdorimiz:
- transportning barcha turlarida multimodal tashuvlarni tashkil etish orqali transport koridorlarini rivojlantirish;
- asosiy mintaqaviy koridorlar orqali yuklarni tashishda biznes uchun jozibador shartlarni shakllantirish;
- yo‘lovchi va yuk tashishda boshqarish jarayonlarini va ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirish;
- transport infratuzilmasi va harakat tarkibini modernizatsiya qilish dasturlari va loyihalarini amalga oshirish.
Biz, shuningdek, MDHning Davlatlararo ekologik kengashiga O‘zbekistonning qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qildik.
Kelgusi yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro iqlim forumi doirasida Hamdo‘stlik davlatlari hududidagi ekologik tahdid va xavf-xatarlarga bag‘ishlangan maxsus yalpi sessiyani o‘tkazishni taklif qilamiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Qadimiy Samarqand shahriga 2024-yilda “Hamdo‘stlikning madaniyat poytaxti” maqomini berish masalasini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Shu munosabat bilan kelgusi yil bahorda Samarqandda MDH davlatlarining madaniyat, san’at va kino haftaligini o‘tkazishni taklif qilamiz.
Yoshlar siyosati sohasidagi hamkorlikni faollashtirish masalasi ayniqsa dolzarb ahamiyatga egadir.
Biz yangi qo‘shma loyihamiz doirasida kelgusi yilda “Hamdo‘stlikning yoshlar poytaxti” deb e’lon qilingan Toshkent shahrida tadbirlarga boy dasturni tayyorlayapmiz.
Shuningdek, “Hamdo‘stlik kubogi” futbol turnirini qayta tiklash va yoshlarimiz jamoalari o‘rtasida navbatdagi uchrashuvlarni O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilaman.
Xalqaro rus tili tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risidagi shartnomani qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Rus tilida ta’lim beradigan texnik mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash dasturini ishlab chiqishni muhim, deb hisoblaymiz.
Hamdo‘stlikning yagona turistik makonini targ‘ib qilish doirasida qo‘shma dasturlar va turistik mahsulotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyormiz.
Qadrli hamkasblar!
Rossiya Federatsiyasi tomonidan kelgusi yil uchun Hamdo‘stlikka raislikning qabul qilib olinishi munosabati bilan hurmatli Vladimir Vladimirovich Putin nomiga bildirilgan tabrik so‘zlariga qo‘shilaman.
Ushbu muhim va mas’uliyatli vazifani bajarishda chin dildan omadlar tilayman.
So‘zimning yakunida O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.