02.10.2023
2-oktabr kuni Dohadagi “Amiri Devon” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Qatar Amiriga tashrif bilan kelish taklifi hamda O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat’iy intilish bildirildi.
Turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro savdo hajmi oshmoqda, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Qatarning yirik kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar boshlandi.
Tashrif arafasida Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochildi, uning faoliyati samarali sheriklikni faol rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.
Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.
Tomonlar savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024-yil yanvar oyida Dohada qo‘shma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishlari va biznes forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.
Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig‘ini berdilar.
Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.