26.09.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni Xitoyning yetakchi “BYD” kompaniyasi prezidenti va asoschisi Van Chuanfu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Ta’kidlash joizki, “BYD” kompaniyasi zamonaviy elektromobillar va yangi avlod akkumulator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida global yetakchi hisoblanadi. Bir yilda 2 million dona mashina ishlab chiqaruvchi ushbu konsern dunyo avtomobil sanoati rivojlanishining asosiy tendensiyalarini belgilab bermoqda.
Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning amaliy jihatlari, xususan, Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni tez fursatda yo‘lga qo‘yish hamda keyingi bosqichlarda uning quvvatini 300 ming donaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mahsulot tannarxini kamaytirish uchun butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish loyihalariga hamda avtomobillarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mamlakatimizga “BYD” elektrobuslarini yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhandislik-servis markazlarini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.