14.09.2023
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.
Avvalambor, an’anaviy iliq qabul va tadbirni yuksak darajada tashkil etgani uchun Tojikiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Emomali Sharipovich Rahmon nomiga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Bugungi uchrashuvimizda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevni ko‘rib turganimdan xursandman. Sizning ishtirokingiz mintaqa mamlakatlarining Ozarbayjon bilan chuqur tarixiy bog‘liqligi va hamkorlikning hozirgi yuksak darajasining yana bir tasdig‘idir.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakili Kaxa Imnadze janoblarini ham qutlayman. U boshqarayotgan Mintaqaviy preventiv diplomatiya markazi Markaziy Osiyoda ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynayotganini qayd etmoqchiman.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi beshinchi Maslahat uchrashuvining o‘tkazilishi va unda ilgari surilayotgan tashabbuslar bizning o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sherikchilikka asoslangan munosabatlarimizni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi intilishlarimizni namoyon etmoqda.
Umumiy sa’y-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik.
Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi.
Shu kunlarda Dushanbeda an’anaga aylangan yetakchi ayollar, rektorlar, yoshlar uchrashuvlari, iqtisodiy forum va ko‘rgazmalar, bir qator madaniy-gumanitar tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tmoqda.
Eng asosiysi – Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanmoqda. Bizning mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.
So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarining umumiy ichki mahsuloti 40 foizga ko‘paydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo hajmining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Masalan, tovar aylanmasi 2,5 barobardan ziyod oshdi. O‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 6 marta, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi esa 45 foizga o‘sdi. Bundan tashqari, ichki mintaqaviy turizm ko‘rsatkichlari 2 barobar oshdi.
Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!
Mintaqa mamlakatlari faoliyatining xalqaro maydonda yaqindan muvofiqlashtirilgani umumiy sa’y-harakatlar natijasidir.
Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. Bizning mamlakatlarimiz 2017 yildan buyon Markaziy Osiyodagi taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining 8 ta rezolyutsiyasini qabul qilish yuzasidan tashabbuslarni ilgari surishdi.
Bularning barchasi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanmoqda va keng e’tirof etilmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatida qariyb 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti ta’sis etilgani buni tasdiqlaydi. Ana shu muloqotlar doirasida tashqi ishlar vazirlari darajasida bizning birgalikdagi harakatimiz bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhim, deb hisoblaymiz.
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi kunda bizning barcha mamlakatlarimiz dunyoda kuzatilayotgan geosiyosiy raqobat va ziddiyatlarning oqibatlarini to‘liq his etmoqda. Bu o‘rinda savdo va transport-logistika zanjirlarining uzilishi, investitsiya va texnologiyalardan foydalanish borasidagi cheklovlar, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha muammolarning keskinlashuvi haqida so‘z bormoqda.
Iqlim o‘zgarishlari alohida xavotir uyg‘otmoqda.
Ana shunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirishga bog‘liq.
Shu munosabat bilan hamkorligimiz istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni bildirmoqchiman.
Birinchi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir.
Biz ushbu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz.
Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan, mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilishni taklif etamiz.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun tashqi savdo faoliyati bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirlarning doimiy uchrashuvini o‘tkazish mexanizmini ishga tushirishni taklif qilamiz.
Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.
Bizda bu sohada muvaffaqiyatli sheriklik bo‘yicha tajriba bor. Bu – yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va shuningdek, Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasidir.
Uchinchi davlatlarga eksport qilishni ko‘zlagan holda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.
Bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tizimli tus olishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Uchinchi. Bu – transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikdir.
Asosiy tashqi bozorlardan jo‘g‘rofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, bizning mamlakatlarimizda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so‘nggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetmoqda.
Ayni vaqtda dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada bizlarning iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan ko‘ra 2-3 marta ko‘p transport xarajatini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda.
Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash, Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaymiz.
Bizning birgalikdagi faoliyatimizga ozarbayjonlik sheriklarni faol jalb etishni taklif qilaman.
To‘rtinchi. Energetika sohasida xavfsizlikni ta’minlash.
Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir.
Biz bunday sharoitda tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdorimiz.
Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligimizning muhim yo‘nalishiga aylanishi lozim.
Bizning mintaqamiz, shuningdek, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Biz Tojikistonda Zarafshon daryosida GES qurish loyihasini birgalikda ishlab chiqmoqdamiz, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish masalasini faol hal etmoqdamiz.
Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emas, deb hisoblaymiz.
Beshinchi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash.
Biz yaqinda Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafe’ligida dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridan kelgan vazir va ekspertlar ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazdik. Bo‘lib o‘tgan bahs-munozaralar davomida bizning mintaqamizdagi zaif nuqtalar yana bir bor qayd etib o‘tildi.
Bular – agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalaridir.
Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhim, deb hisoblaymiz.
Ta’kidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir.
Oltinchi. Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazmoqchimiz. Mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu anjuman ishida faol ishtirok etish uchun taklif qilaman.
Forum yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” deb nomlangan rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanadi.
Shuningdek, Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish ham iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shilgan amaliy hissa bo‘lishi mumkin.
Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etishni taklif qilamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimizdir.
Birgalikdagi madaniyat, san’at va kino kunlari, “do‘stlik kechalari”, yoshlar forumlari, ijodkor ziyolilarning uchrashuvlari, ilmiy simpozium va sport musobaqalarini o‘tkazish ezgu an’anaga aylanishi lozim. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning tizimliligini ta’minlash maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilishni taklif etamiz.
Ayni vaqtda bizning noyob madaniy-tarixiy va ma’naviy merosimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur. “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘ladi. Bunda umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Bularning barchasi bir-birini o‘zaro tushunish va umummintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hurmat sammit ishtirokchilari!
Hech shubhasiz, bizning kelajagimiz – bu bizning yoshlarimizdir. Shu ma’noda, bugun imzolanadigan Markaziy Osiyo davlatlari yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitim alohida ahamiyatga egadir.
Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz.
Shuningdek, mamlakatlarimizdagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyo mintaqasidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant va stipendiyalar ta’sis etish muhim, deb hisoblaymiz.
Yosh avlodni ekstremistik g‘oyalar ta’siridan himoya qilish maqsadida yoshlarning radikallashuviga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Mintaqaviy kompleks dastur ishlab chiqish zarur, deb bilamiz.
Hurmatli davlat rahbarlari!
Xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirishni faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biri, deb hisoblaymiz. Umumiy tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha jamoaviy qarorlar ishlab chiqish uchun biz doimiy ravishda va o‘zaro ishonch asosida fikr almashib turishimiz lozim.
Shu munosabat bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha davlatlarimizning Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yig‘ilishlarni o‘tkazish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqishga kirishishni taklif etamiz.
Xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish muhimdir.
Favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida Mintaqaviy tizimni shakllantirish bugungi kun talabi, deb hisoblaymiz.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan eng asosiy omillardan biri Afg‘onistondagi vaziyatdir.
Afg‘onistonning bugungi hokimiyati bilan doimiy va ochiq muloqot, ushbu mamlakatni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish g‘oyat muhimdir.
O‘zbekiston bundan buyon ham afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar ko‘mak uchun taqdim etadi, afg‘on fuqarolarini maxsus tashkil etilgan ta’lim markazida o‘qitishni davom ettiradi.
Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga, Afg‘onistonning ichki transport yo‘llarini tiklash o‘ta muhim, deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, afg‘on tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot muhimdir.
Afg‘oniston hokimiyati bilan hamkorlik bizning manfaatlarimizni umumiy tushunishdan kelib chiqishi va o‘zaro kelishilgan holda bo‘lishi zarur.
Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari darajasida Muloqot guruhini tashkil etishni taklif qilamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Bizning uchrashuvlarimiz va erishgan kelishuvlarimizni amalda joriy etish samaradorligini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish lozim, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish haqidagi taklifni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bundan tashqari, kun tartibidagi savdo-iqtisodiy masalalarining butun kompleksi bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qilamiz.
So‘zimning yakunida bugungi uchrashuvimiz natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonch bildiraman.
E’tiboringiz uchun rahmat.