17.06.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi PF-5059-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgarmasi to‘g‘risidagi nizom va uning Kuzatuv kengashi tarkibi 2-3-ilovalarga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi Direksiyasi xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lash razryadlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga Jamgarma tuzilmasiga o‘zgartish kiritish, shu jumladan, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtatlar joriy etish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida g‘azna hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladi;
Jamg‘armani boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari boshqaradigan Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi;
Kuzatuv kengashi tarkibiga lavozimiga ko‘ra Oliy sud raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, moliya va adliya vazirlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori, Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori, shuningdek, boshqa mas’ul shaxslar ham kiradi;
Jamg‘armaning joriy faoliyatiga, shu jumladan, mablaglar to‘planishi va sarflanishiga rahbarlik Jamgarma Kuzatuv kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimdan ozod qilinadigan ijro etuvchi direktor boshqaradigan Jamg‘arma Direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
Byuro xodimlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari, har chorak yakuni bo‘yicha mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishganligi uchun Byuro direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan Byuro xodimlari faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan, quyidagi miqdorlardagi ragbatlantiruvchi to‘lovlar beriladi:
70 balldan 80 ballgacha to‘plagan xodimlarga - lavozim maoshiga 50 foiz;
80 balldan 90 ballgacha to‘plagan xodimlarga - lavozim maoshiga 100 foiz;
90 balldan 100 ballgacha to‘plagan xodimlarga - lavozim maoshiga 200 foiz.
4. Jamgarma Kuzatuv kengashi (M.B.Azimov) bir oy muddatda Jamgarma Direksiyasining malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini, shuningdek, uning faoliyati bilan bogliq boshqa tashkiliy-texnik masalalar hal etilishini ta’minlasin.
5. Jamgarma Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Yahyo G‘ulomov ko‘chasi, 66-uyga joylashtirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “G az ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘grisida”gi PQ-2907-son qarorining 5-bandida:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maishiy iste’molchilarga tabiiy gazni hisoblash zamonaviy elektron uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish va keyinchalik xizmat ko‘rsatish “O‘ztransgaz” AKning shaxsiy mablaglari hisobidan amalga oshiriladi”.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘grisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2017 yil 15 iyun