02.08.2023
Bu klaster Oʼzbekiston Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi qaroriga asosan tashkil qilingan edi. Mashinasozlikdagi 5 ta korxona quvvatlari maqbullashtirilib, Chirchiq qishloq xoʼjaligi texnikasi zavodi negizida toʼliq siklli klaster tizimi yoʼlga qoʼyildi. Buning uchun qariyb 38 ming kvadrat metr yangi inshootlar qurilib, 35 ming kvadrat metrdan ziyod mavjud binolar taʼmirlandi.
Klaster yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mingta ish oʼrni yaratilgan. Yana bir muhim tomoni, tarmoq korxonalari orasida kooperatsiya kengayishi, xarajatlar va mahsulot tannarxi qisqarishiga erishilgan.
Yaqinda klasterda birinchi mahalliy mahsulot - universal traktor ishlab chiqarildi. Prezident Shavkat Mirziyoev uning ilk namunalarini koʼzdan kechirdi.
Shuningdek, kombayn ishlab chiqarish ham yoʼlga qoʼyilmoqda. Bu ishlarni davom ettirib, import mahsulotlarni mahalliylashtirish, bu jarayonga xususiy sektorni jalb etish muhimligi taʼkidlandi.
- Qishloq xoʼjaligimizda texnikaga talab katta. Bizga arzon, muqobil, tejamkor texnika kerak. Buning uchun mahalliylashtirish va tannarx boʼyicha ishlash zarur. Dehqonlarga arzon texnika yetkazib bermasak, manfaatdorlik boʼlmaydi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Davlatimiz rahbari texnikalarga xizmat koʼrsatishning ahamiyatiga alohida toʼxtaldi.
- Bu klaster faqat sotuvchi emas, xizmat koʼrsatuvchi ham boʼlishi kerak, - deya taʼkidlandi.
Toshkent viloyati misolida servis maskanlari tashkil etish, yoshlarni bepul oʼqitib, sifatli xizmatlarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha topshiriq berildi.
Klasterda ilm-fan va ishlab chiqarishni uygʼunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan boʼlib, shu maqsadda zamonaviy ilm markazi ishga tushirildi. Bu yerda Germaniya va Shvetsiya kompaniyalarining taʼlim markazlari bilan hamkorlikda uzluksiz dual taʼlim shaklidagi oʼquv jarayonlari yoʼlga qoʼyilgan. Shu bilan birga, oliy taʼlim muassasalari talabalari nazariy bilimlarini klasterda amaliyot bilan mustahkamlab boradi.
Prezidentimiz mahsulotlar namunalarini koʼzdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
- Hozir joylarda, klasterlarda paxtani mashinada terish 50 foizga yaqinlashmoqda. Bu yil 6 oyda meva-sabzavotning oʼzidan 550 milliondan koʼp eksport qildik, yaqin kelajakda 2-3 milliardga yetkazmoqchimiz. Qishloq xoʼjaligining barcha tarmoqlarida yana loyihalar koʼp. Ularda mahsuldorlikni oshirish, odamlar mehnatini yengillashtirish uchun sifatli, xamyonbop texnikalar zarur, - dedi Prezident.
Klaster faoliyatida muqobil elektr energiyasi manbalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, 20 ming kvadrat metr maydonda quyosh batareyalarini oʼrnatildi. Bu klasterning elektr energiyasiga talabining 30 foizigacha taʼminlashi mumkin.