24.07.2023
24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, ravnaq va barqaror taraqqiyot tiladi.
Suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Sanoat, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va elektrotexnika tarmoqlarida, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamda hamkorlikning boshqa sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida yangi savdo va investitsiya loyihalari to‘plamini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.