20.07.2023
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda Tashkent city majmuasida ulkan inshootlar barpo etildi. Ayni paytda uning “Paxtakor” metro bekati tarafida yirik savdo markazi qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda bo‘lib, piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Navoiy, Oybek, Nukus ko‘chalari bo‘ylab yurib, yo‘llardagi sharoitni ko‘zdan kechirdi, odamlar bilan suhbatlashdi.
Transport infratuzilmasi bilan bog‘liq yana bir loyiha – Toshkent xalqaro aeroporti yonidagi ko‘prik. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida u kengaytirilib, qo‘shimcha estakada qurilmoqda. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo‘ladi. Aylanma shaklidagi chiqish-tushish yo‘llari qayrilib olish xavfini yo‘qotib, harakatni osonlashtiradi.
Prezidentimiz bu yerdagi qurilish jarayonini ko‘rdi, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar ekish kerakligini aytdi.
Bugun poytaxtimizning Yashnobod tumanida ham bunyodkorlik jadal. Shu bois yashil bog‘larni saqlab qolish juda muhim. Abdulla Qodiriy va Kichik halqa yo‘li orasidagi Elbek bog‘i ana shunday so‘lim maskanlardan. Davlatimiz rahbari bu bog‘ni asrash, aholining dam olishi uchun sharoitlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ham borib ko‘rdi.
Bu aeroportning umumiy maydoni 693 gektar. Loyihaga ko‘ra, unda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, zamonaviy terminallar, samolyotlar uchun angar va perronlar bo‘ladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.
Bugungi kunda uchish-qo‘nish yo‘lagi va yuqori martabali mehmonlar terminali binosi barpo etilgan. Prezident ularni ko‘zdan kechirdi. Galdagi qurilish ishlarini moliyalashtirish, terminalning tashqi ko‘rinishi va delegatsiyalar uchun qulayliklarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.