29.06.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Uning bugungi Turkmanistonni rivojlantirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari Qurbon hayiti bilan bir-birini dildan tabrikladilar. O‘zbekiston Prezidenti yangi Arqadag‘ shahri rasman ochilgani munosabati bilan ham Gurbanguli Berdimuhamedovni qutladi.
Telefon muloqoti chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo, investitsiyalar, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Barcha darajalarda samarali muloqotlar, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi.