19.06.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriAsrlar davomida xalqimizga xos mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi ezgu umuminsoniy qadriyatlarni namoyon etib kelayotgan Qurbon hayiti jonajon Vatanimizda o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik va shukronalik fazilatlarini yanada mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shmoqda. Ushbu ulug‘ ayyomning ma’naviy hayotimizdagi muhim ahamiyatini e’tiborga olib hamda uni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida:
1. Joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 28-iyun – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, yurtimizda 2023-yil 28-iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “2023-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF-270-son Farmoni bilan ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2023-yilning 29-30-iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyul kuni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qurbon hayiti xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlariga mos ravishda o‘tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Madaniyat va turizm vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev