23.05.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub 23-25-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Singapur rahbarining tashrifi dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Sammit kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakat yetakchi kompaniya va bank institutlari ishtirokidagi investitsiya loyihalariga ko‘maklashish, madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Prezident Halima Yaqub O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, yurtimizdagi diniy konfessiyalar rahbarlari bilan ham uchrashadi, ishbilarmon doiralar biznes-forumining ochilishida va qo‘shma ta’lim markazi faoliyatining taqdimotida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Singapur Prezidenti Samarqand shahriga tashrif buyurib, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan ushbu ko‘hna markazning boy madaniy-tarixiy va sivilizatsiyaviy merosi bilan tanishadi.
Ta’kidlash joizki, Prezident Halima Yaqub mamlakatimizga javob tashrifi bilan kelmoqda. Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston yetakchisi Singapurga davlat tashrifi bilan borgan edi.
Joriy yil boshidan o‘zaro tovar ayirboshlash 6 barobar ko‘paydi. Singapur O‘zbekistonning eng yirik investorlari qatoriga kirdi. Bugungi kunda transport, energetika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, shaharsozlik, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 3,8 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo almashinuvlar va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.