01.05.2023
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Konstitutsiya bo‘yicha referendumni kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari Hamdo‘stlik bosh kotibi va missiya a’zolariga mamlakatimizning barcha hududlarida faol ishlagani hamda referendumning borishi va natijalariga yuksak baho bergani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Nufuzli mintaqaviy tashkilot rahbari, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini referendum jarayonlari yuksak xalqaro talablari va standartlariga muvofiq muvaffaqiyatli tashkil etilgani bilan dildan qutladi.
Referendum yakunlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish va mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni davom ettirishda muhim bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, sanoat va transport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashda MDHning muhim o‘rni qayd etildi. Hamdo‘stlik makonida investitsiyalar jadal sur’at bilan o‘sayotgani ta’kidlandi, joriy yilning mart oyida Samarqand shahrida o‘tgan Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisining samarali natijalari yuqori baholandi.
Faol gumanitar almashinuvlarni bundan buyon ham davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.