31.03.2023
Urganch shahrida 31-mart kuni xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.
– Bugun mana shu qadim va tabarruk zaminda, muborak Ramazon oyida siz, aziz yurtdoshlarim bilan ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman, – dedi davlatimiz rahbari. – Agar tahlil qilsak, Xorazmda ko‘p narsalar o‘zgardi. Lekin zamon shiddat bilan o‘tyapti, aholining talabi o‘sib boryapti. Biz shunga munosib harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun ishimizni tanqidiy ko‘rib, katta-katta marralar olishimiz kerak.
Yig‘ilish avvalida Xorazm viloyatidagi o‘zgarishlar qayd etib o‘tildi. Oxirgi olti yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 22 foizdan 79 foizga yetkazildi. 131 ta maktab qurildi va rekonstruksiya qilindi. 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Viloyatdagi 531 ta mahallani obod qilishga qo‘shimcha 1 trillion so‘m, tuman markazlari yo‘llarini ta’mirlash, piyodalar yo‘lagi va yoritgichlarga 50 milliard so‘m ajratilgan.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari ham jadallashgan. Oxirgi besh yilda 9 ming 500 ta xonadonli uylar foydalanishga topshirilgan. Bu xayrli ishlarning davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlandi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishda 1,5 milliard dollarlik 7 mingta loyiha doirasida yangi korxonalar ishga tushdi. Bu orqali 50 mingta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratilib, 19 mingta oila kambag‘allikdan chiqarildi.
Ishlab chiqarish 1,5 baravarga ko‘paydi, sanoat eksporti 190 million dollarni tashkil etdi. Ayniqsa, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, oziq-ovqat, elektrotexnika va qurilish materiallari ishlab chiqarish 2 baravarga o‘sdi.
Lekin viloyatda iqtisodiy imkoniyatlar bundan ham ko‘pligi, aholini qiynayotgan ko‘plab masalalar borligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Xorazm viloyati hokimi lavozimiga Jo‘rabek Rahimov nomzodini tavsiya etdi.
J.Rahimov 1981-yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini Shovot tumanida boshlab, so‘nggi yillarda Bog‘ot va Qo‘shko‘pir tumanlari hokimi lavozimlarida ishlagan. U o‘tgan yilning dekabridan buyon Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Jo‘rabek Rahimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish choralariga birinchi navbatda e’tibor qaratildi. Prezidentimiz aytilgan takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 milliard so‘mga qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi. Yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.
Ikkinchi muhim vazifa – oziq-ovqat mahsulotlari balansini ta’minlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi. Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantatsiyalari, Gurlan va Bog‘otda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.
Ma’lumki, har bir tumanga kamida 50 million dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yilgan. Viloyat hokimligiga nomzod buning evaziga tumanlarda qanday loyihalar mo‘ljallangani haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. 20 million dollar investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sanoat korxonalari va uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari ham belgilandi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish, maktab va bog‘chalar barpo etish, aholini uy-joy va ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident maktablarda sanitariya holatini yaxshilash, chet tili va kasbga o‘rgatish xonalarini tashkil qilish hamda 12 ta tumanda IT park ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 400 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 475 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Jo‘rabek Rahimov Xorazm viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
– Bugun sizlar bilan aholi hayotiga daxldor barcha masalalarga to‘xtalib, zarur mablag‘lar ajratdik, viloyatga yangi hokim tasdiqladik. Endigi vazifa – butun Xorazm eli hokim atrofida jipslashib, mutasaddilar fidoyi va halol bo‘lib, bugun aytilgan reja va tashabbuslarni hayotga, aholi turmush tarziga ko‘chirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev sessiya so‘ngida.