21.02.2023
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari ko‘hna va betakror Misr zaminida O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Misr rahbariyati va xalqining ulkan yutuqlari O‘zbekistonni xursand qilayotganini aytdi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar - Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning “Yangi Respublika” dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdilar.
- Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etishni maqsad qilganmiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Uchrashuvda davlat rahbarlari siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani alohida qayd etildi, shu munosabat bilan savdoni ko‘paytirish uchun amaliy mexanizmlar va samarali choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Davlatimiz rahbari yana bir bor Misr kompaniyalari mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoitlar yaratilishini bildirdi.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirishga ahdlashib olindi. Yetakchilar Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytirmaslik zarurligini ta’kidladilar.
Xalqlarimizni umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Shu munosabat bilan ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibida alohida o‘rin egallashi ta’kidlandi.
Shu ma’noda, ikki mamlakat shoir va adiblari, san’atkorlari va madaniyat arboblarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Prezidentimiz buyuk alloma bobomiz Ahmad Farg‘oniyning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining do‘stlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Davlatimiz rahbari nutqining yakunida O‘zbekiston-Misr sammitining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni do‘st xalqlarimiz farovonligi yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishi va ularga uzoq muddatli ruh bag‘ishlashiga qat’iy ishonch bildirdi.