07.02.2023
Turkman xalqining milliy yetakchisi,
Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi
Gurbanguli Berdimuhamedov
Janobi Oliylariga
Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!
Qadrli do‘stim!
Sizni aloqalarimiz tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat xursandman.
Davlatlarimizning yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro yaqin hamkorlik rishtalari asrlar davomida yonma-yon tinch va totuv yashab kelayotgan, ildizlari mushtarak va qon-qardosh bo‘lgan xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga, shuningdek, mintaqamiz tinchligi va barqarorligi uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Shu o‘rinda do‘st mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama kengaytirishda, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan strategik sheriklikni misli ko‘rilmagan darajada yuksaltirishda Siz, Janobi Oliylarining qo‘shib kelayotgan ulkan hissangiz borligini alohida ta’kidlashni istar edim.
Siz bilan o‘rtamizda qaror topgan doimiy ochiq va ishonchli muloqotlar, davlatlararo munosabatlarimizni tartibga soluvchi samarali mexanizmlarning yaratilgani barcha ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich!
Sizning uzoqni ko‘zlagan, oqilona ichki va tashqi siyosatingiz natijasida bugungi kunda Turkmaniston barcha jabhalarda katta yutuq va marralarga erishmoqda, aholining farovonligi muttasil oshib, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalib bormoqda.
O‘tgan yilning 11 noyabrida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Sizning shaxsan ishtirokingiz va “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlanganingiz anjumanning ahamiyatini yanada oshirishga beqiyos hissa qo‘shish barobarida, qardosh o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stona aloqalari naqadar yuqori darajada ekanini dunyoga yana bir karra namoyish etdi.
Sizning yurtingiz va elingiz ravnaqi uchun qilayotgan ulug‘vor va tarixiy ishlaringiz, uzoq istiqbolga yo‘naltirilgan strategiya va dasturlaringiz, olib borgan ko‘lamdor islohotlaringiz natijasida yaqinda betaraf Turkmanistonning Xalq hokimiyati Oliy vakillik organi – Xalq Maslahatining raisi etib tasdiqlandingiz va Turkman xalqining milliy lideri maqomiga sazovor bo‘ldingiz.
Hech shubhasiz, azaliy qardoshlik, boqiy do‘stlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan uzoq muddatli hamda keng qamrovli sherikligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi, deb qat’iy ishonaman.
Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh turkman xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, davomiy taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Samimiy ehtirom ila,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti