02.12.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma’lumki, hozirgi zamonda energetika va ekologiya muammolari dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois mamlakatimizda ko‘plab quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinmoqda.
Bu yo‘nalishni izchil davom ettirish maqsadida, Taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorlik dasturini ishlab chiqish belgilangan edi. Taqdimotda mazkur dasturda ko‘zda tutilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Qayd etilganidek, bu hujjatda sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya belgilanadi. Shu asosida 25 ta strategik ahamiyatga ega korxonada yoqilg‘i-energetika resurslarini tejashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.
Bu orqali 2022-2026-yillarda sanoat tarmoqlarida 3,9 milliard kub metr tabiiy gazni, 4 milliard kilovatt soat elektr energiyasini va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash rejalashtirilmoqda. Buning natijasida har bir mahsulot tannarxida energiya ulushini 20 foizga kamaytirish maqsad qilingan.
2023-yil 1-iyundan boshlab mahsulotlarning ekologik toza energiya va texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.
Shu maqsadda issiqxona gazlarining chiqarilishi bosqichma-bosqich tartibga solinadi. Bunda tabiatga zararni qisqartirish ishlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Shuningdek, “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyilini to‘liq joriy etish, bu boradagi moddalar ro‘yxatini kengaytirish va yig‘im stavkasini oshirish ham taklif etilmoqda.
“Yashil” iqtisodiyot bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish, innovatsion loyihalarni tatbiq etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab boruvchi guruh ham shakllantiriladi. Uning tarkibiga 15 ta xalqaro tashkilot va moliya institutlarining rahbarlari kiritiladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, har bir tarmoq kesimida energiya tejamkorligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarishda energiya xarajatini kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.