12.10.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriNogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va ijtimoiy faolligini yanada oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalariga qarashli yuridik shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi PQ–208-son qarorining 2-bandida byudjet buyurtmachilari uchun nazarda tutilgan cheklovlar Elektron kooperatsiya portalida ro‘yxatdan o‘tgan, xodimlari umumiy sonining kamida 50 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslardan iborat va nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash fondi umumiy mehnatga haq to‘lash fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar) tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni xarid qilishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yilsin.
2. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning ko‘rgazma yarmarkasini doimiy tarzda o‘tkazish grafiklarini tasdiqlasin.
Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarda ko‘rgazma yarmarkasini o‘tkazish uchun zarur pavilonlarni aniqlasin va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin. Bunda:
hududlarda ko‘rgazma yarmarkasini o‘tkazish uchun zarur pavilonlar bepul tarzda ajratiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari mazkur ko‘rgazma yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul hisoblanadi.
3. Davlat buyurtmachilariga o‘z ehtiyojidan kelib chiqib, ko‘rgazma yarmarkalari davomida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar bilan ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni uch yilgacha muddat davomida kafolatli xarid qilishni nazarda tutuvchi shartnomalar tuzish huquqi berilsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari o‘z hududida faoliyat yuritayotgan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning hajmi va texnik parametrlari to‘g‘risidagi axborotlarni 2022-yil 15-noyabrga qadar Elektron kooperatsiya portaliga joylashtirsin va muntazam ravishda yangilab borsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari doimiy tarzda o‘z hududida tadbirkorlik sub’ektlari uchun o‘tkaziladigan ko‘rgazma yarmarkasi doirasida yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishini ta’minlasin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari mazkur bandda belgilangan vazifalar o‘z muddatida va sifatli bajarilishi hamda yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning faoliyatiga ko‘maklashish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yilsin, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritib borsin.
5. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:
a) 2023-yil 1-yanvarga qadar yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning yagona reyestri (keyingi o‘rinlarda – Reyestr) yuritilishini tashkil etish;
Bunda, Reyestr Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy veb-saytida yuritiladi, shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi bilan o‘zaro elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida shakllantiriladi va yangilab boriladi;
b) tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ish o‘rinlari va sharoitlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishda nogironligi bo‘lgan shaxslar band bo‘lgan ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari yuzasidan davlat ekspertizasi xulosasini talab qilish tartibini bekor qilish.
6. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat xaridlari doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib reja-jadvallaridagi xarid predmeti hajmining kamida 10 foizi miqdorida joylashgan hududi bo‘yicha tegishlicha Reyestrga kiritilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni shartnoma asosida sotib oladi.
Bunda, barcha davlat buyurtmachilari yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslardan xarid qilingan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining yoki yuqori turuvchi tashkilotlarning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda joylashtirib boradi.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshidagi Raqamli transformatsiya markazi bir oy muddatda Elektron kooperatsiya portalida ro‘yxatdan o‘tgan, yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettiruvchi bo‘limni ishga tushirsin.
8. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyatining 2022-yil davomida tajriba tariqasida Nukus va Toshkent shaharlarida hamda 2023-yildan boshlab qolgan hududlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashish, ularni kasb-hunarga o‘qitish, madaniyat, san’at, sportga oid qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Imkoniyatlar markazi” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
Belgilansinki, “Imkoniyatlar markazi”:
nogironligi bo‘lgan shaxslar va ish beruvchilar o‘rtasida muloqot o‘tkazish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maydoni sifatida faoliyat yuritadi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan dastlabki suhbatlar o‘tkazib, ularning qiziqishidan kelib chiqqan holda kasb-hunarga o‘qitishga ko‘maklashadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) “Imkoniyatlar markazi” faoliyatini tashkil etish uchun Nukus tumanidagi Kerder sanoat transport kasb-hunar kolleji va Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazidan zarur xonalar ajratsin.
9. O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston nogironlar jamiyati hamda O‘zbekiston karlar jamiyatining talabnomalariga asosan Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslarning joylashuvidan kelib chiqib, mavjud jamoat transporti yo‘nalishlariga o‘zgartirishlar kiritish yoki yangilarini tashkil etish choralarini ko‘rsin.
10. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muntazam ravishda yagona ishtirokchisi nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari hisoblangan yuridik shaxslar faoliyati hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar, shuningdek, ushbu qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida hamda Internet tarmog‘ida keng yoritib borilishini ta’minlasin.
11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B.Xusanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV