15.09.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida Aleksandr Lukashenko Prezidentimizga taklif uchun tashakkur izhor etdi hamda Belarus Respublikasini ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga qabul qilish tartibotini boshlash masalasini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, ko‘p qirrali amaliy sheriklikni izchil kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Belarus munosabatlari do‘stlik va sheriklik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashgan. Tovar ayirboshlash o‘tgan yilda 44 foizga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 foizga oshdi.
Tomonlar ikki mamlakatda savdo uylari va logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, oziq-ovqatni tezlashtirilgan tarzda yetkazib berish bo‘yicha “Agroekspress” loyihasini ishga tushirish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish bo‘yicha elektron tizimini joriy qilishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston va Belarus yetakchilari mashinasozlik, agrosanoat, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘ziro manfaatli sheriklikni ilgari surish zarurligini qayd etdilar.
Mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari O‘zbekistonda ikkinchi Hududlararo forumni o‘tkazishni taklif etdi.
Tomonlar madaniy-gumanitar yo‘nalishda, birinchi navbatda ta’lim va kinematografiya sohalaridagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.