16.05.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16-may kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Sermahsul parlamentlararo muloqot, shu jumladan mintaqaviy formatda ham rivojlanib borayotgani, bu birodar xalqlarimizni yaqinlashtirishga katta hissa qo‘shayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Turkmaniston tomonini joriy yil 12-13-may kunlari Ashxobod shahrida xalqaro tadbirlar - Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining birinchi Parlamentlararo forumi hamda Xotin-qizlari muloqoti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy qutladi.
Ustuvor yo‘nalishlardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ilgari surish maqsadida parlamentlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirish va tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Parlamentlararo forum ishini muntazam yo‘lga qo‘yish, Turkmaniston poytaxtida uning doimiy faoliyat yuritadigan kotibiyatini tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan, mintaqaviy hamkorlikni davom ettirish va ko‘p tomonlama tashkilotlar doirasidagi samarali sheriklikni rivojlantirish, shu jumladan Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.