01.05.2022
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Qalblarimiz quvonchga va ezgu niyatlarga to‘lgan ushbu saodatli va munavvar damlarda avvalo shunday tabarruk kunlarga yetkazgani, bayramni tinch va osuda muhitda, oilamiz, el-yurtimiz bilan hamjihatlikda kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Xalqimiz asrlar davomida buyuk diniy qadriyat, saxovat va mehr-oqibat ramzi sifatida e’zozlab kelayotgan bu ulug‘ ayyom keyingi paytda ijtimoiy hayotimizda yanada mustahkam o‘rin egallab borayotgani albatta barchamizni xursand qiladi.
Ayniqsa, bu yilgi Ramazon bayrami “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan olijanob g‘oyani o‘zida mujassam etgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosida keng ko‘lamli islohotlarimiz yanada yuksak bosqichga ko‘tarilayotgan tarixiy sharoitda o‘tayotgani uning fayzi va shukuhini keskin oshirmoqda.
Chindan ham, dunyo ahlini o‘zaro do‘st va birodar bo‘lib, totuvlik va hamkorlikda yashashga da’vat etadigan Ramazon hayiti inson qadrini ulug‘lashning yorqin namunasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Hech shubhasiz, biz inson qadrini uning diniy sohadagi huquq va manfaatlari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘ramiz. Shuning uchun so‘nggi yillarda mamlakatimizda diniy qadriyatlarimizni tiklash, bebaho ilmiy-ma’naviy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buxoroda – yetti ulug‘ pir, Surxondaryoda – Imom Termiziy ziyoratgohlari, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy, Toshkent viloyatida – Zangi ota, Namanganda – Sulton Uvays Qaraniy, Toshkent shahrida – Suzuk ota yodgorlik majmuasi kabi mo‘’tabar maskanlar har tomonlama obod qilingani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Hozirgi kunda ana shu xayrli amallarimizning mantiqiy davomi sifatida Buxoroda – Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda – Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Toshkent shahrida – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Ma’lumki, dunyo bo‘ylab tarqalgan koronavirus pandemiyasi tufayli muborak Haj va Umra amallarini ado etish uchun ba’zi cheklovlar kiritilgan edi. Qanday og‘ir bo‘lishiga qaramay, joriy yilning yanvar oyidan boshlab fuqarolarimizning Umra ziyoratiga borishlarini qayta yo‘lga qo‘ydik va qisqa vaqt ichida 35 mingga yaqin yurtdoshlarimiz qulay sharoitlarda orziqib kutilgan bunday ezgu amallarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yana bir xursandchilik – bu yil muborak Haj ibodatini amalga oshirish uchun imkoniyat paydo bo‘lganini siz azizlarga yetkazishdan g‘oyat mamnunman. Bu – sinovli kunlarda sabr-toqat va matonat bilan barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan vatandoshlarimiz uchun Alloh taoloning yana bir marhamati, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Hurmatli do‘stlar!
Hozirgi paytda dunyodagi vaziyat qanday shiddat bilan o‘zgarib borayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Ayrim mintaqalardagi mojarolar tez alanga olib, tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid tug‘dirmoqda. Bularning barchasi oldimizga muhim vazifalarni qo‘yib, doimo hushyor va ogoh, zamon bilan hamnafas bo‘lib yashashni taqozo etmoqda.
Muqaddas dinimiz ham chin musulmon odam har qanday sinov va muammoga hamisha tayyor turishi zarurligini, pok niyat, ezgu amallar bilan yashaydigan bandalarga albatta yuksak ajru mukofotlar ato etilishini uqtirib keladi.
Shu ma’noda, yurtimizda barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, qadimiy va o‘lmas qadriyatlarga tayangan holda taraqqiyot sari jadal odimlash – davr talabidir.
Ana shunday aniq maqsadlarni ko‘zlab, doimo oldinga intilgan taqdirdagina biz bugun – kechagidan, ertaga – bugungidan ko‘ra katta yutuqlarga erishmog‘imiz, obod va farovon hayot kechirmog‘imiz mumkin bo‘ladi.
Barchamizning umidimiz va tayanchimiz bo‘lgan yoshlarimizning qalbi va ongida ana shu muhim fazilatlarni uyg‘unlashtirib, ularni jahon maydonida raqobatbardosh yetuk avlod etib tarbiyalashimiz shart.
Hech qachon unutmaylik, dunyodagi o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan eng katta boylik bu – bilim va tarbiyadir.
Bu borada boy milliy an’analarimiz asosida shakllangan o‘zbekona tarbiya bilan birga bizga yaqin do‘st va xayrixoh bo‘lgan davlatlardagi ilg‘or hamda zamonaviy ta’lim tajribalaridan oqilona foydalansak, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Fursatdan foydalanib, dunyoning uzoq va yaqin mamlakatlaridagi barcha musulmonlarni Ramazon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularga tinchlik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tilaymiz.
Aziz vatandoshlar!
Ushbu muborak kunlarni xonadon va mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda mazmunli va ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda dam olish kunlari e’lon qilinganidan xabaringiz bor.
O‘ylaymanki, bunday qulay sharoit bayramning fayzu tarovatini, qadr-qimmatini yanada oshiradi. Binobarin, ushbu hordiq kunlari – mo‘’tabar ota-onalarni ziyorat qilish, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olish, yaqinlar bilan diydor ko‘rishish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Ishonchim komil, jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash, har bir insonning, avvalo, yoshlarning hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashishga qaratilgan insonparvarlik ruhidagi ishlarimizning ahamiyatini xalqimiz albatta yaxshi tushunadi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.
Muhtaram yurtdoshlarim!
Sizlarni, butun xalqimizni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bayram shukuhidan qalblarimiz yanada nurafshon bo‘lsin!
Ona yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti