08.04.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga bordi.
Ijtimoiy dasturlarni mahallabay amalga oshirish – davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi. Universitet mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Fuqarolar yig‘ini binosi zamonaviy ta’mirlangan. Uylar hovlisi, maydonchalar obod qilinib, ichki yo‘llar beton bilan tekislangan, 700 metr uzunlikdagi velosiped yo‘laklari qurilgan.
Ma’lumki, o‘tgan yili noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e’lon qilingan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda daraxt ko‘chatlari ekish bilan birga mahallalarda ishkomli ko‘chalar tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, Universitet mahallasida 750 metr uzunlikdagi ishkomlar o‘rnatilib, uzumlar ekilgan. Ko‘p qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayxon, namozshomgul kabi gullar ekilgan.
Universitet mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 19 ta ko‘p qavatli uyning qiyofasi, yo‘laklari yaxshilandi. Bu yerda 150 o‘rinli xususiy maktab ham bor. O‘ndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqda.
Prezidentimiz mahallada bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
- Sizlarni avvalo Ramazon oyi bilan, mahallangiz shunday obod bo‘lgani bilan tabriklayman. Bu salgina harakat qilsa, rahbarlar pastga tushib ishlasa, natija bo‘lishining bir misoli. Ilgari mahallaning nomi bor edi, hokim xushi kelsa, gaplashardi. Hozir hamma tizimni mahallada mujassam qilayapmiz. Nima uchun? Har bir oilaga, har bir insonga yetib borish uchun. Bunday ishlar hamma mahallada tezroq bo‘lishini istardim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘tgan yili Toshkent shahridagi 579 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan berilgan edi. Bu yil har biriga 1 milliard so‘mdan ajratilishi ma’lum qilindi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi “Olmazor xolding grand” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Ko‘p joylarda bo‘lgani kabi Universitet mahallasida ham kommunal xizmat ko‘rsatishda muammolar bor edi.
2021-yil 19-iyunda O‘zbekiston Prezidentining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. "Olmazor xolding grand” kompaniyasi ushbu imkoniyatlar natijasida tashkil topdi. Uning ikki qavatli binosida shinam sharoitlar yaratilgan.
Kompaniya 7 mahalladagi 103 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. Ilgari bu uylarga 27 ta shirkat qaragan. Ularda direktordan boshqa mutaxassis, maxsus texnika bo‘lmagan. Hozir servis kompaniyasida 70 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Maxsus texnikalar sotib olingan. Kompaniya binosida kommunal xizmatlar bo‘yicha o‘quv markazi ham ochilgan.
Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida «Mening uyim» mobil ilovasi joriy etilgan.
Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi binosidagi qo‘shimcha xonalar hamda ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida 30 ga yaqin maishiy xizmatlar tashkil etilgan. Prezidentimiz ushbu shoxobchalarni ham kirib ko‘rdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida tashkil etiladigan boshqaruv servis kompaniyalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.