20.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik yo‘lladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
V.V. Putin Janobi Oliylariga
Hurmatli Vladimir Vladimirovich!
Sizni va birodar Rossiya xalqini O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabriklayman.
Keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini misli ko‘rilmagan yuksak strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqdik hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladik.
Bugun O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi ochiqlik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillari asosida faol rivojlanmoqda.
Amaliy hamkorligimizning barcha muhim yo‘nalishlarida yaqin va doimiy muloqot qilish imkonini beruvchi noyob, samaradorligini isbotlagan mexanizmlarga asos solindi.
O‘zaro savdo rekord ko‘rsatkichlarga yetdi. Keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat, san’at va ta’lim sohalaridagi aloqalar kengaymoqda.
Biz O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida bundan buyon ham izchil rivojlantirish va mustahkamlash niyatidamiz.
Sizga mustahkam sog‘lik va davlatchilik faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.M. Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.
O‘tgan o‘n yilliklar mobaynida Rossiya va O‘zbekiston tomonidan barcha yo‘nalishlarda sermahsul hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plandi, MDH, ShHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida konstruktiv sheriklik, mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish yo‘lga qo‘yildi.
Rossiya-O‘zbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligini bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashimizga ishonaman. Bu, hech shubhasiz, do‘st xalqlarimizning manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadlariga mosdir.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonning barcha fuqarolariga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti