02.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6260-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini (keyingi o‘rinlarda — “Vatan tayanchi” harakati) tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, ma’naviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash;
erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeyini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatining, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
o‘quvchi-yoshlarni tuzilayotgan otryad atrofida birlashtirish va jipslashtirish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik, o‘quv-tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshirishda asosiy tashkilotchi sifatida faoliyat yuritish, o‘quvchilarda o‘qish va intizom bo‘yicha yuqori natijalarga erishishga ishtiyoqni uyg‘otish hamda ularga o‘rnak bo‘lish uchun faol harakat qilish;
davlat umumta’lim maktablar o‘quvchilarini odob-axloq, Vatanga sadoqat va o‘ziga qat’iy ishonch ruhida tarbiyalash, o‘qishi, intizomi va jismoniy ko‘rsatkichlari past o‘quvchilarga yuqori natijalarga erishishda ko‘maklashish;
davlat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
o‘quvchilarni turli xavfli g‘oyalar va tashqaridan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan himoya qilish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati davlat muassasasi bo‘lib, uning asosiy ta’sischisi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisoblanadi;
“Vatan tayanchi” harakati o‘z maqomiga, Qurolli Kuchlar xizmatchilari (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq to‘lash (pul ta’minoti) shartlariga ko‘ra davlat boshqaruvi organi — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatining mustaqil bo‘limiga tenglashtiriladi;
“Vatan tayanchi” harakati xodimlarining asosiy tarkibi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari umumiy cheklangan shtat birliklari doirasida tashkil etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
“Vatan tayanchi” harakatining Qurolli Kuchlar xizmatchilari (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq to‘lash (pul ta’minoti) Mudofaa vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi;
“Vatan tayanchi” harakatining faoliyatini samarali tashkil etish uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etiladi;
davlat umumta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida tarkibi 20 nafar 10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadlari tuziladi va ularning faoliyati “Vatan tayanchi” harakati tomonidan muvofiqlashtirib boriladi;
“Vatan tayanchi” otryadlariga davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilari ixtiyoriylik asosida a’zo bo‘ladi;
“Vatan tayanchi” harakati huzurida Vasiylik kengashi, uning hududiy bo‘limlari va bo‘linmalari huzurida esa muvofiqlashtiruvchi kengashlar tuziladi, ularning tarkibiga Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining vakillari kiritiladi.
4. “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha dasturlar, “yo‘l xaritalari” doirasida belgilangan tartibda ajratiladigan mablag‘lar;
“Vatan tayanchi” harakatining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini davlat ulushi bo‘lgan tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan tushumlar;
yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, boshqa xorijiy donorlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari:
a) “Vatan tayanchi” harakatining alohida hisobvarag‘ida jamlanadi;
b) quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:
o‘quvchi yoshlarga har tomonlama ta’lim-tarbiya berish maqsadida umumta’lim maktablarda amaliy va texnik yo‘nalishdagi to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
“Vatan tayanchi” harakatini saqlash, uning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash;
davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar, shuningdek, madaniy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy va boshqa tadbirlar o‘tkazish.
7. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Mudofaa vazirligi va harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari bilan birgalikda:
davlat umumta’lim maktablarida “Vatan tayanchi” otryadlari faoliyat yuritishi uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratsin va har tomonlama qo‘llab-quvvatlab borsin;
“Vatan tayanchi” otryadlarining faoliyati doirasida tegishli tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha davlat umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ijtimoiy faolligi oshirilishini ta’minlasin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
a) “Vatan tayanchi” otryadlarining a’zolari:
“Vatan tayanchi” harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilgan emblema bilan ta’minlanadi;
davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashg‘ulotlar, treninglar hamda madaniy-ma’rifiy, ommaviy-madaniy va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun bir hududdan boshqa hududga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism, muassasalar va harbiy poligonlarga yuborilganda, Jamg‘arma hisobidan oziq-ovqat bilan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarining o‘quvchilari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq ta’minlanadi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari boshliqlarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha “Vatan tayanchi” harakatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari hamda tuman (shahar) bo‘linmalari boshliqlari hisoblanadi.
9. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
“Vatan tayanchi” harakatining faoliyatida faol ishtirok etgan hamda davlat umumta’lim maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi;
“Vatan tayanchi” harakatining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari respublika oliy harbiy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyozga ega bo‘ladilar;
“Vatan tayanchi” harakati tomonidan respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari uchun emblemaning yagona namunasini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
11. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini hamda harakat tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ikki oy muddatda:
“Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati” davlat muassasasi ustavini ishlab chiqib, tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri B.N. Kurbanov va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri B.O. Saidov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV