02.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriGeologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, o‘qitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, geologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot o‘rtasida uzviy bog‘liqlikni yetarli darajada ta’minlash, yer haqidagi fanlar, shu jumladan ularning fundamental yo‘nalishlari hamda amaliyot o‘rtasida real integratsiyalashuv jarayoni uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat geologiya qo‘mitasi) tizimidagi Geologiya fanlari universiteti (keyingi o‘rinlarda — Universitet) geologiya sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasini ta’minlovchi ilmiy klaster hamda malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublikaning tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilansin.
2. Quyidagilar:
2022 — 2024-yillarda Geologiya fanlari universitetini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Geologiya fanlari universiteti ixtisoslashgan kafedralari talabalarini amaliyot o‘tash obyektlariga biriktirish jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Geologiya fanlari universiteti uchun xarid qilinadigan zamonaviy laboratoriya va texnologik uskunalar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
Neft va gaz geologiyasi yo‘nalishida amalga oshiriladigan maqsadli ilmiy loyihalar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Universitetdagi o‘quv jarayonining 70 foizi ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarga ajratiladi;
Universitetning ixtisoslashgan kafedralari talabalarining amaliyot o‘tash jarayoni zarur shart-sharoitlar yaratilgan holda mazkur qarorning 2-ilovasida nazarda tutilgan tashkilotlar bilan birgalikda olib boriladi;
yirik geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari va sanoat tashkilotlariga amaliyot o‘tash uchun yuborilgan talabalarning yashash xarajatlari (ovqatlanish, yotoqxona) ushbu tashkilotlar hisobidan qoplanadi, bundan Toshkent shahrida va talaba doimiy yashaydigan tuman (shahar)da joylashgan tashkilotlar mustasno.
4. Davlat geologiya qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:
2022-yil 1-iyulga qadar Universitetning Kuzatuv kengashi qarori bilan sanoatda ahamiyati yuqori bo‘lgan noyob va rangli metallarga boy bo‘lgan istiqbolli maydonlarni aniqlash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib tasdiqlashni ta’minlasin;
2022 — 2024-yillarda Geologiya fanlari universitetini rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga olsin hamda samarali monitoringini yo‘lga qo‘ysin;
2022-yildan boshlab Universitet professor-o‘qituvchilarining tizimli ravishda nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda zamonaviy ta’lim usullari asosida malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
2022-yil 1-sentabrga qadar Universitet faoliyatiga oid ilmiy-texnik jurnal chop etilishini yo‘lga qo‘ysin;
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Universitet faoliyatida “Raqamli Universitet” tizimini bosqichma-bosqich joriy etsin;
2023-yildan boshlab ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha Universitet tadqiqotchilari va ilmiy xodimlarini xorijiy yetakchi universitet va ilmiy tashkilotlarga ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun yuborishni yo‘lga qo‘ysin;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Universitetda geologiya sohasi va konchilik sanoati muammolarini ilmiy asosda tahlil qilish, tahlil natijalarini xalqaro darajada amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar bilan integratsiya qilish va SsiVal platformasini keng joriy etish asosida ilmiy va innovatsion faoliyatni yo‘lga qo‘ysin;
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va yetakchi geologiya-qidiruv kompaniyalarida Universitet talabalarining ishlab chiqarish amaliyoti o‘tashini yo‘lga qo‘ysin.
5. Quyidagilar:
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi bir oy muddatda Termiz davlat universitetining Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan 10,3 gektar yer maydonidan iborat Darband dala-o‘quv poligonini hududning geologik tuzilishi, tog‘ jinslarining litologik va tuzilmaviy shart-sharoitlaridan maqsadli foydalanish uchun Universitetga doimiy foydalanish huquqi asosida;
Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Oqsoq-ota dala-o‘quv poligonining g‘arbiy qismidan 2,7 gektar yer maydonini Universitetga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratsin.
6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet axborot-resurs markazining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron axborot-kutubxona resursiga barcha xizmat turlaridan bepul foydalanish huquqi asosida ulanishini ta’minlasin.
7. Davlat geologiya qo‘mitasi:
Surxondaryo viloyatidagi Darband va Toshkent viloyatidagi Oqsoq-ota dala-o‘quv poligonlarida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Universitet talabalarining o‘quv amaliyotini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish va tegishli hududlarni obodonlashtirish choralarini ko‘rsin;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Universitet huzurida akademik litsey tashkil etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi B.F. Islamov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV