11.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriSamarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida aholi va tadbirkorlik subyektlarining ichimlik suv va oqova suv chiqarish xizmati bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Shveysariya Konfederatsiyasining iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyati bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (keyingi o‘rinlarda — Uyushma) o‘rtasida “Suv ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturini (keyingi o‘rinlarda — Dastur) amalga oshirish maqsadida 2021-yilning 17-may kuni jami 239,0 million AQSh dollari miqdoridagi, shu jumladan 49,0 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli, 190,0 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozsiz moliyalashtirish bitimi hamda Shveysariya Konfederatsiyasining iqtisodiy ishlar bo‘yicha davlat kotibiyati (keyingi o‘rinlarda — SECO) tomonidan 7,8 million AQSh dollari miqdorida grant ajratish to‘g‘risidagi bitim imzolanganligi;
Dastur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida ichimlik suv va oqova suv tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi, shu bilan birga sohada islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, energiya samaradorligini oshirish ko‘zda tutilganligi;
Dasturga kiritilgan “Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suv hamda oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasining (keyingi o‘rinlarda — Loyiha) texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlarining ijobiy ekspertiza xulosalari olinganligi;
Loyihaning umumiy qiymati 79,3 million AQSh dollarini, Loyihani amalga oshirishda Uyushma krediti — 66,0 million AQSh dollarini, O‘zbekiston Respublikasining hissasi — imtiyozli davrda moliyaviy xarajatlarni hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish tarzida 13,3 million AQSh dollarini tashkil etishi;
Loyihani amalga oshirish uchun Uyushma tomonidan jami 66,0 million AQSh dollari, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 30 yil mobaynida qaytarish sharti bilan 10,0 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli hamda 10 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 30 yil mobaynida qaytarish sharti bilan 56,0 million AQSh dollari miqdoridagi imtiyozsiz kredit berilishi ma’qullanganligi;
Loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2022 — 2026-yillar) tashkil etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Suv ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturi doirasida amalga oshiriladigan komponentlar hamda moliyalashtirish taqsimoti 1-ilovaga muvofiq;
“Suv ta’minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish hamda institutsional salohiyatni oshirish” dasturi doirasida 1, 2 va 4-komponentlar bo‘yicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasining imtiyozli kreditlarini qaytarish va uning foizlarini to‘lashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
“Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suv hamda oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 3-ilovaga muvofiq;
“Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suv hamda oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi bo‘yicha Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditini qaytarish va uning foizlarini to‘lashning prognoz jadvali 4 va 5-ilovalarga muvofiq;
“Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ichimlik suv hamda oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kredit mablag‘lariga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash bo‘yicha ulushlar taqsimotining prognozi 6-ilovaga muvofiq;
“Samarqand suv ta’minoti” MChJni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatovga, zarur hollarda, Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy parametrlariga Uyushma bilan kelishgan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) “O‘zsuvta’minot” AJ Loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini, Uyushmaning qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlashga mas’ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
b) Dasturni amalga oshirishda investitsiya kiritish davrida Uyushma krediti bo‘yicha foizlarni to‘lash Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
v) Samarqand viloyati hokimligi “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda Loyihaning sifatli amalga oshirilishi, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilishi va Uyushma qarzlarining qaytarilishi uchun javobgar hisoblanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida:
hosil bo‘ladigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi xo‘jalik yurituvchi subyektlar mablag‘lari hisobidan to‘lanadi yoki qonunchilikda belgilangan tartibda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;
olib kiriladigan tovarlarni bojxona bojidan ozod qilish va qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hamda moliyaviy xarajatlarni respublika budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish O‘zbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga:
O‘zbekiston Respublikasi, Uyushma va SECO o‘rtasida imzolangan moliyalashtirish hamda grant bitimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
Dastur doirasidagi qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilsin.
6. Adliya vazirligi Dastur doirasidagi moliyalashtirish, grant, qayta kreditlash hamda Loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
7. “O‘zsuvta’minot” AJga Jahon bankining loyihalarni boshqarish guruhini tashkil etgan holda Dasturni muvofiqlashtirish va boshqarish funksiyalari yuklansin.
8. Samarqand viloyati hokimligi “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda 2022-yil 1-mayga qadar:
aholi va tashkilotlarning ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarini xatlovdan o‘tkazsin hamda ularni bartaraf etish reja-grafigini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlarida har bir yil uchun asosiy ko‘rsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda, mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan Dastur doirasida ajratiladigan mablag‘larni inobatga olsin.
10. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) Loyiha doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
11. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) Loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
12. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Adliya vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmuni va ahamiyatini aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazish, ularga ichimlik suv va oqova suv tizimi bilan ta’minlanadigan hududlar to‘g‘risida ma’lumot berib borish hamda qurilish-montaj ishlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish chorasini ko‘rsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J. Ramatov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV