11.03.2022
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriNamangan shahrining me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash hamda servis xizmatlar turlari va sifatini oshirish maqsadida:
1. Namangan viloyati hokimligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining:
Namangan shahri Davlatobod tumani va To‘raqo‘rg‘on tumani hududida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini (keyingi o‘rinlarda — Yangi Namangan shaharchasi) barpo etish;
Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Namangan New City” direksiyasi nomini Namangan viloyati hokimligi huzuridagi “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish” direksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Direksiya) deb o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Belgilansinki:
a) Yangi Namangan shaharchasini barpo etish Namangan shahri Davlatobod tumanining “Yuksalish” va “Orzu” mahallalari, To‘raqo‘rg‘on tumanining “Ettikon”, “Ibrat” va “Parasmon” mahallalarining tutash hududlaridagi 1-ilovaga muvofiq jami 1 203 gektar yer maydonida quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
I bosqichda — 330 gektar;
II bosqichda — 272 gektar, shundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar — 129,57 gektar;
III bosqichda — 601 gektar, shundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan — 378,83 gektar;
b) har bir bosqich oldingi bosqich yakunlanishiga va yer maydonlarining bosh rejada belgilangan tartibda o‘zlashtirilishiga ko‘ra amalga oshiriladi;
v) Yangi Namangan shaharchasi barpo etiladigan yer maydonlarini belgilangan tartibda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish qurilishning tegishli bosqichini boshlash oldidan amalga oshiriladi;
g) bosh rejaga muvofiq, Yangi Namangan shaharchasi hududidagi umumiy foydalanishdagi yer uchastkalari infratuzilma obyektlari va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni barpo etish uchun Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun, shu jumladan ko‘p kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari esa belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.
3. Vazirlar Mahkamasi, Namangan viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligining Yangi Namangan shaharchasi barpo etilishi rejalashtirilayotgan 1 203 gektar yer maydonidan 2-ilovaga muvofiq jami 508,4 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, shundan 436,2 gektar sug‘oriladigan yer uchastkalarini aholi punktlarining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlari toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi xulosasi qabul qilinsin.
Kadastr agentligi mazkur bandda nazarda tutilgan yer uchastkalari belgilangan tartibda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilishidan yoki elektron onlayn-auksionga chiqarilishidan oldin ularning yer fondi toifasiga o‘zgartirish kiritilishini va bu haqida davlat yer kadastri ma’lumotlarida qayd etilishini ta’minlasin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Yangi Namangan shaharchasini barpo etish maqsadida yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq qoplangandan so‘ng ushbu yerlardan boshqa maqsadlarda foydalaniladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ushbu qarorga muvofiq olinishi sababli qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari undirilmaydi. Bunda, ushbu yerlardan maqsadli foydalanilishi uchun Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov shaxsan javobgar hisoblanadi;
Yangi Namangan shaharchasi hududida yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushgan tushumlar (Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan xarajatlar chegirib tashlangan holda) Direksiyaga o‘tkaziladi va Yangi Namangan shaharchasini barpo etish ishlariga sarflanadi.
5. Namangan viloyati hokimligi:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida 2024-yil 1-yanvarga qadar, har bir yil yakunida teng ulushlarda, ushbu qaror bilan toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydoniga teng miqdorda yangi yerlar o‘zlashtirilishini ta’minlasin;
ikki oy muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Namangan ilmiy-tajriba stansiyasining ushbu qarorga muvofiq olib qo‘yilayotgan yer maydoni o‘rniga teng miqdorda boshqa hududdan belgilangan tartibda yer maydonini ajratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq yangi yerlarning o‘zlashtirilganligi Namangan viloyati hokimining o‘zlashtirilgan yer uchastkalarining yer fondi toifasini sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga asosan davlat yer kadastri ma’lumotlariga o‘zgartirish kiritish orqali tasdiqlanadi.
6. “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish va investitsiya loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhi 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Yangi Namangan shaharchasining bosh rejasini hamda hududlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini ko‘rib chiqish;
Yangi Namangan shaharchasini tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida barpo etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, Direksiya faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
vakolatli tashkilotlarning tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tortish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat va korporativ xaridlar ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilishini hamda ularning nazoratini ta’minlash;
Yangi Namangan shaharchasini barpo etish, hududda ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini samarali joylashtirish, loyihalashtirish va qurish ishlarini tashkil etish;
loyiha-qidiruv va qurilish ishlarining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
ko‘p kvartirali uy-joylar, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini loyihalashtirish va qurish ishlariga malakali xorijiy mutaxassis va konsultantlarning jalb qilinishini, shuningdek, ilg‘or xorijiy texnologiyalarning joriy etilishini ta’minlash.
7. Quyidagilar Yangi Namangan shaharchasini barpo etishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Yangi Namangan shaharchasini loyihalashtirish, qurilish ishlarini nazorat qilish va boshqarish uchun — Namangan viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari, Direksiya mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
ijtimoiy soha obyektlari, tashqi avtomobil yo‘llari, ichimlik suv va oqova suv ta’minoti tarmoqlarini qurish uchun — O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, Namangan viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari, Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, Direksiya mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. Bunda, ijtimoiy soha obyektlari davlat-xususiy sheriklik asosida qurilganda, moliyalashtirish davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq amalga oshiriladi;
tashqi elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlarini qurish uchun — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-dekabrdagi “Hududlarda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4929-son qarorining 2-bandida nazarda tutilgan mablag‘lar;
hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun — Namangan viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari va uning qo‘shimcha manbalari, tadbirkorlik subyektlarining mablag‘lari va tijorat banklarining kreditlari;
ko‘p kvartirali uy-joylar, bozor infratuzilmasi va ijtimoiy soha obyektlarini qurish uchun — tadbirkorlik subyektlarining mablag‘lari va tijorat banklarining kreditlari.
8. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-iyuldagi “Har bir oila — tadbirkor” dasturini hamda Namangan viloyatidagi kichik sanoat zonalarini rivojlantirishni moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4782-son qaroriga muvofiq, Namangan viloyatidagi kichik sanoat zonalari faoliyatini yanada rivojlantirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan ajratilgan 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larning iqtisod qilingan qismi Namangan viloyatining ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini hamda jamoat obyektlarini barpo etish va ta’mirlash uchun yo‘naltiriladi.
9. Namangan viloyati hokimligi ikki oy muddatda:
Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Yangi Namangan shaharchasi barpo etilishi munosabati bilan To‘raqo‘rg‘on tumanidan zarur yer maydonini Namangan shahri Davlatobod tumani tarkibiga o‘tkazish yuzasidan Oliy Majlis palatalarining qarorlari loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV