10.03.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ushbu forum 24-26-mart kunlariga rejalashtirilgan bo‘lib, unda xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalar, 56 ta davlatdan 1 ming 500 nafardan ziyod yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo tarraqiyot banki prezidentlari, vazirlar, yirik korporatsiya va kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi.
Forum doirasida yalpi majlis va sho‘’ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, brifinglar kabi 40 dan ortiq tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Mazkur anjuman mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan istiqbolli loyihalarning taqdimot platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Yurtimizdagi imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va jozibador yo‘nalishlar tanishtiriladi.
Yig‘ilishda forumga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari bunday investitsiya forumi O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratib, uni yuqori darajada tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Mamlakatimizning xalqaro biznes hamjamiyatiga ochiqligini namoyish etish, har bir tarmoq va hududning investitsion salohiyatini ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi. Yirik loyihalarga ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq natijalarga erishish vazifasi qo‘yildi.