23.02.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Shumanay tumanidagi “Shumanay ekoteks” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
2020-yilda ishga tushirilgan ushbu korxona 7 ming tonnadan ziyod ip-kalava tayyorlash quvvatiga ega. O‘tgan yili 51 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib,
qariyb 5 million dollarlik eksport qilingan.
Shu paytgacha hududdagi eng katta muammo ishsizlik edi. Mazkur korxona aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim bo‘ldi. Bu yerda 500 ta ish o‘rni tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga korxonada paxtani qayta ishlashning keyingi bosqichlarini o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
- Bu ma’qul. Lekin tumanda ishsizlar bo‘lmasligi uchun bunday korxonalar uch-to‘rtta bo‘lishi kerak. Sanoatning boshqa yo‘nalishlarida ham loyihalar topish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda tumandagi “Bahrom Ilg‘or Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati haqida ma’lumot berildi. Klasterning 743 gektar yeri lazer orqali tekislangan. Shundan 100 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan.
- Aholiga daromad manbai yaratish, yalpi ishlab chiqarishni ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Buning uchun nima kerak? Avvalo, suv kerak. Lekin Qoraqalpog‘istonda suvning ham, yerning hisobi yo‘q. Agar saranjom qilib, iqtisod qilib foydalanilsa, suv yetadi. Buning uchun qishloq xo‘jaligi madaniyatini oshirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish kerak, - dedi Prezident.
Shumanay tumaniga biriktirilgan Xorazm viloyati tadbirkorlarining investitsiya loyihalari taqdimoti ham o‘tkazildi.