30.01.2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar bergan edi. Taqdimotdagi loyihalar shuning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Mutasaddilar avvalgi topshiriqlarga muvofiq, bu borada mahalla va maktablardagi sharoitlar o‘rganilgani haqida axborot berdi. Qayd etilganidek, yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahalladan 763 tasida sport ob’ekti, 6 mingdan ortig‘ida kutubxona yo‘q. Shuningdek, 10 ming 130 ta maktabdan 2 mingdan ziyodida sport zali, 22 tasida kutubxona majud emas.
Bu joylarda sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha 3 xil tipdagi loyiha taklifi ishlab chiqilgan. Birinchisida kitob jovonlari va sport qurilmalari o‘rnatish, ikkinchisida ochiq sport maydonlari hamda uchinchisida yopiq inshootlar barpo etish nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarni ma’qullamay, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
– Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima o‘ynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni o‘ylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa o‘zimizda ishlab chiqarilayapti.
Ikkinchidan, shu joylarda kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom qursa bo‘ladi. Kelgusida shifokor punktlarini ham joylashtirish mumkin. Umuman, bu orqali ham xizmatlar rivojlanadi, ham odamlar rozi bo‘ladi. Har bir mahallaning mana shunday iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy markazi bo‘lishi kerak, u yerda hayot qaynashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, loyihani takomillashtirish, mahalla markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyoz beriladi va evaziga ijtimoiy mas’uliyat yuklanadi. Kunning ma’lum soatlari mahalla yoshlari uchun tekinga ajratiladi. Egasi bo‘lgani uchun tadbirkor ham daromad topadi, majmua ham qarovsiz qolmaydi.
Taqdimotda maktablar qamrovini oshirishga oid loyihalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, kelgusi besh yilda yurtimizda 1 million 200 ming o‘quvchi o‘rni tashkil etish zarur. Shu bois davlatimiz rahbari yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga asosan, 330, 660, 990, 1320 va 1650 o‘rinli maktablar loyihasi tayyorlangan. Bunda qo‘shimcha bino, ko‘p funksiyali zal, sanitariya-gigiyena xonalari qurish, zamonaviy laboratoriya, interaktiv doska, qulay o‘rindiqlar bilan jihozlash kabi barcha jihatlarga e’tibor qaratilgan.
Davlatimiz rahbari mutaxassislar bilan har bir maktabning asosi va devori holatini o‘rganib chiqish zarurligini ta’kidladi.
– Buni nima uchun aytayapman? Iloji boricha, hozirgi maktablarning o‘zini kengaytirish kerak. Chunki bolalar ham, o‘qituvchilar ham o‘sha joyga o‘rgangan. Mahallaning o‘rtasida boshqa bo‘sh yer yo‘q. Chekka joydan qursak, borib-kelishga transport kerak, bolalar qatnashga qiynaladi. Shuning uchun maktablarning o‘ziga qo‘shimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiq, – dedi Prezident.
Holatiga qarab, har bir maktabga alohida yondashish, aholi demografiyasini inobatga olib, qayerda necha qavatli bino qurishni hisob-kitob qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili onkologiya tibbiyot markazi loyihasi bilan bir necha bor tanishib, qator topshiriqlar bergan edi. Bugun shu bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Markaz binosi 10 qavatli, 650 o‘rinli bo‘ladi. 16 ta jarrohlik xonasi, 45 bemorga mo‘ljallangan reanimatsiya xonasi, davolash va tashxis bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kuniga 100 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega statsionar faoliyat yuritadi. Bugungi kunda binoning poydevorini tayyorlash boshlangan.
Davlatimiz rahbari markazni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, bunda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish, kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Taqdimotda elektr energiyasi quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Ma’lumki, shu yil 25-yanvar kuni mintaqamiz elektr ta’minotida texnik uzilish sodir bo‘ldi. Bu barcha elektr stansiyalarga ta’sir qilib, favqulodda vaziyat yuzaga keldi.
Bunga bir qancha sabablar bor. Jumladan, yagona energetika tizimi 220-500 kilovoltli magistral elektr tarmoqlar orqali to‘liq halqalashtirilmagan. Shimoli-G‘arbiy va Janubi-G‘arbiy energouzelning asosiy qismida 500 kilovoltli tarmoqlar yo‘q. Ba’zi magistral tarmoqlar qo‘shni davlatlar hududi orqali o‘tgan.
Shu bois, mamlakatimizda 500-750 kilovoltli tarmoqlarni qurish orqali yagona halqa tizimini hosil qilish rejalashtirilmoqda. Xususan, 2026 yilga borib, jami generatsiya quvvatlarini 27 ming 400 megavattga, yillik ishlab chiqarish hajmini 110 milliard kilovatt soatga yetkazish mo‘ljallangan. Shunda yurtimizning barcha hududlari 500-750 kilovoltli tarmoqlar orqali mustahkam bog‘lanadi va bir butun tizim yaratiladi.
Prezidentimiz mutasaddilarga elektr energiyasi tizimini isloh qilish, qo‘shni davlatlar bilan sohadagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Elektr energiyasi quvvatlarini oshirish hamda uni yetkazib berishni avtomatlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berildi. Bundan asosiy maqsad elektr energiyasi tizimini barqaror qilib, xavfsizligini mustahkamlash, xalqimizni bu muhim manba bilan uzluksiz ta’minlashdir.