16.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriTomorqa xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish orqali aholi daromadini oshirish, ichki bozorni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish tizimini yaratish, shuningdek, har bir tumanda tomorqa yer egalari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish maqsadida:
1. Tomorqada mahsulot yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag‘lari quyidagi bosqichlarda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) milliy valyutada 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada yo‘naltirilsin:
1-bosqichda – 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lar 2022 yil 1 yanvarga qadar;
2-bosqichda – 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lar 1-bosqich mablag‘laridan foydalanish samaradorligi natijalariga ko‘ra 2022 yil 1 iyunga qadar.
2. Mazkur qarorning 1-bandida belgilangan mablag‘lar tijorat banklariga resurs sifatida yo‘naltirilgan holda, tomorqachilik loyihalarini kreditlash uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarida belgilangan shartlar asosida:
a) tomorqa yer egalariga:
qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala do‘konlari” qurish, artezian quduqlarini qazish;
kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik;
poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi;
b) tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchisi) tavsiyasiga ko‘ra “Tomorqa xizmati” MCHJlarga urug‘lik va ko‘chat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablag‘ uchun 300 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Bunda, “Tomorqa xizmati” MCHJlarga beriladigan kreditlar bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘lari garov ta’minoti sifatida qabul qilinadi;
v) yetakchi tadbirkorlik sub’ektlariga aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratiladi.
3. Belgilansinki, Jamg‘arma tomonidan 2026 yil 1 yanvarga qadar:
tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan hajmda subsidiya beriladi;
suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qiladi.
Bunda:
mazkur bandda belgilanayotgan chora-tadbirlar uchun 2022 yilda Jamg‘armaga Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratiladi;
suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 2026 yil 1 yanvarga qadar har yili Davlat byudjetidan Jamg‘armaga mablag‘ yo‘naltiriladi;
omborxonalarni jihozlash, sotib olinayotgan quritish, saralash va qadoqlash uskunalari yuzasidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan xulosa beriladi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismiga subsidiya ajratish tartibini tasdiqlasin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlariga hokim yordamchilari bilan birgalikda quyidagi yangi vazifalar yuklatilsin:
tomorqa xo‘jaliklari bilan agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksportyor korxonalarni jalb etgan holda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga ko‘maklashish;
aholi xonadonlarida, qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo‘y va echki, 5 ta asalari uyasi boqishni tashkil etish;
mahsulot yetkazib beruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirgan holda, joylarda “tarqatish va mahsulotlarni yig‘ib olish bo‘yicha mobil xizmatlar” faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
“xonadonbay” ishlash asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoiti va hudud aholisining tajribasidan kelib chiqqan holda tomorqa xo‘jaliklarini “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirish;
har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlarni aniqlash.
5. Quyidagilar:
2022 yilda faoliyati klaster usulida tashkil etiladigan “Tomorqa xizmati” MCHJlar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
2022 yilda suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini ishga tushirish prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlarining mavjud shtatlari doirasida aholi xonadonlarida tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha bittadan agronom shtati tashkil etilsin.
7. “Agrobank” ATB shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanishni targ‘ib qilish maqsadida 2022 yil 1 aprelga qadar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan, aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini marketpleys usulida sotishni yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha onlayn maslahatlar ko‘rsatuvchi maxsus platformani ishga tushirsin.
Bunda, “Agrobank” ATBning platformaga ulanish va xizmatlardan foydalanishni bepul qilib belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
8. Belgilansinki, har bir tumanda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor idoralarning mas’ul xodimlaridan iborat (ish haqi saqlangan holda) xonadonlarda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan doimiy loyiha ofisi tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (B.T.Norqobilov), “Parrandasanoat” uyushmasi (B.I.Isayev), manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda xonadonlarda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish choralarini ko‘rsin;
ikki oy muddatda hudud ehtiyojidan kelib chiqib, xonaki parrandalar naslchiligi korxonalarini tashkil etsin;
2022 yilda joylardagi ehtiyojni o‘rganib va hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqib, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlardan xonaki parranda tuxumlarini olib kelish hamda aholiga tarqatish choralarini ko‘rsin.
9. Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.D.Kudbiyev), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) hokim yordamchilari bilan birgalikda mazkur qaror doirasida ajratilgan kredit resurslari hisobiga doimiy va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishlariga ko‘maklashsin.
10. Hokim yordamchilariga tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ va boshqa tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda quyidagi vazifalar yuklansin:
uyma-uy yurish orqali tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishini, shu jumladan, yerni tayyorlash, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorva va parrandalarni ko‘paytirish holatini, ushbu qaror doirasida tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ va boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini, shuningdek, mazkur shaxslar o‘rtasidagi shartnoma munosabatlariga rioya etilishini davriy monitoring qilib borish;
tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, aholi tomorqalarini xizmatlar bilan qamrab olish darajasini oshirish, shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yanada ko‘paytirish.
11. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A.Xaitov, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanilishi bo‘yicha ishlarni manzilli tashkil etsin;
bir oy muddatda tomorqa yer egalari va kooperatsiyalarni mahsulot ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, kooperatsiya a’zolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning tashqi bozorlarda marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bo‘yicha qisqa muddatli amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha reja ishlab chiqsin;
bir oy muddatda tomorqa yerlarida kichik intensiv bog‘dorchilik, limonchilik va uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy texnologik xaritalarni, parranda, quyon, qo‘y va echki, asalari uyalari, intensiv usulda baliq boqish, shuningdek, ixcham issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha texnologik tavsiyalarni ishlab chiqsin va ushbu yo‘nalishlarda internet tarmog‘i orqali onlayn maslahat berib borilishini yo‘lga qo‘ysin. Tijorat banklari kreditni rasmiylashtirish jarayonida qarz oluvchilarning haqiqiy ehtiyojini aniqlash va kreditni qaytarish muddatlarini belgilashda texnologik xarita va tavsiyalarni inobatga olsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (B.T.Norqobilov), “O‘zbekchorvanasl” agentligi (B.T.Atamuratov), “Parrandasanoat” uyushmasi (B.I.Isayev) bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanda veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish va ozuqa-yem tarqatish, aholini o‘qitish markazlarini tashkil etsin;
v) Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E.Burxanov), Hisob palatasi (B.T.Turabov) mazkur qaror doirasida ajratilayotgan mablag‘larning ochiqlik va oshkoralik tamoyili asosida maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda “O‘zbekiston 24” va “Mahalla” telekanallarida tomorqa xo‘jaliklarida ochiq va yopiq usulda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish borasida aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan teleko‘rsatuvlar namoyish etilishini tizimli tashkil etsin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har bir hududda ochiq va yopiq usulda sabzavot mahsulotlari yetishtirish hamda ularning eksportini rivojlantirish maqsadida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida loyihalar sonini ko‘paytirish uchun mahallalarda taqdimotlar va seminarlar o‘tkazilishini ta’minlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A.Xaitov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari S.M.Xolxo‘jayev, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori X.M.Karimov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sh.M.G‘aniyev va J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV