06.12.2021
Oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Elboshini mustaqil Qozog‘iston asoschisining ulkan xizmatlari e’tirofi sifatida dekabr oyining birinchi sanasida nishonlanadigan bayram - Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutladi.
Mamlakatimiz yetakchisi Nursulton Nazarboyevning chuqur o‘ylangan siyosati tufayli birodar Qozog‘iston xalqi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida yuksak muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi.
Prezidentimiz O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik rivojiga Elboshining shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bugun Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani muloqotlarni faollashtirish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo makonida siyosiy muloqot faollashgani, Maslahat uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, do‘stlik va ishonch muhiti shakllangani ta’kidlandi.
Nursulton Nazarboyev bu galgi davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
So‘ng Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti muzeyiga tashrif buyurdi.
Bu yerda Nazarboyevning ish xonalari asl holicha saqlab qolingan. Yig‘ilishlar va jurnalistlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan majlislar zalida zamonaviy Qozog‘istonning taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan ekspozitsiya joylashgan. Ko‘plab eksponatlar Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan tashqi siyosiy aloqalaridan so‘zlaydi.
Davlatimiz rahbari muzey bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.