12.10.2021
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Bukhara Desert Oasis” nomli turizm maskanida “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bu yerga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, bahsni kuzatdi.
Finalda Xorazm va Navoiy viloyati jamoalari o‘ynadi. Yakunda xorazmliklar g‘olib bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
- Sizlarning mana shunday jo‘shqinligingiz, bilimga intilishingiz uchun tashakkur aytaman, - dedi davlat rahbari. - Biz keyingi yillarda ta’limga alohida e’tibor qaratib, qarorlar qabul qilganimiz, kitob o‘qishni rag‘batlantirganimiz natijasini bugungi yoshlarda ko‘rib, quvonaman. Men sizlar bilan faxrlanaman!
Prezident ushbu musobaqa Buxoroda o‘tayotganiga alohida urg‘u berdi. Bu zamindan Imom Buxoriy, Ibn Sino, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Narshaxiy, Abdurauf Fitrat kabi ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqanini qayd etib, bugungi yoshlar ularga munosib voris bo‘lishiga ishonch bildirdi.
- Biz xalqimizni rozi qilish, inson qadri baland bo‘lgan jamiyat qurish yo‘lini tanladik! Bunga erishishda bizga kim asosiy tayanch bo‘ladi? Albatta, siz kabi bilimli va vatanparvar yoshlar, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yil “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilganiga 20 yil to‘ldi. Prezident bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun ko‘plab tashabbuslarni bildirdi. Avvalo, mamlakatimiz yoshlaridagi ilmga intilish va intellektual salohiyatni inobatga olib, “Zakovat” o‘yinlari ommaviy ma’rifiy harakatga aylantiriladi.
Harakatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Har bir maktab, har bir oliygohda “Zakovat” klubi faoliyati barcha yo‘lga qo‘yiladi. G‘oliblar uchun “Zakovat” stipendiyasi joriy qilinadi. Toshkentda alohida bino va Intellektual o‘yinlar shaharchasi barpo etiladi. Viloyatlarda esa “Intellektual parklar”, Bo‘stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida “Intellektual maktab” tashkil qilinadi.
Yangi yildan boshlab talaba yoshlar o‘rtasida birinchi marta Prezident sovrini uchun Intellektual olimpiada o‘tkaziladi. Dunyo tan olgan olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar o‘tkazib boriladi.
Yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil o‘yinlarni yaratgan dasturchilarga maxsus grant va subsidiyalar ajratiladi.
- Zahmatli mehnati orqali orzu-umidlari ushalgan inson – eng baxtli insondir. Shuning uchun doimo balandlarga intiling, ezgu maqsadingiz uchun kurashing. Doimo o‘qing-o‘rganing, o‘zingizga ishoning, kashfiyotlar qiling, yangiliklar yarating, oldinga dadil qadam tashlang, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Zakovat” klubiga asos solgan Abdurasul Abdullayev hamda final bosqichi g‘oliblari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Davlatimiz rahbari Buxoroga tashrifini yakunlab, Navoiy viloyatiga jo‘nab ketdi.