24.09.2021
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni Samarqand shahrida viloyat saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirni nomzodning Samarqand viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Rustam Xolmurodov ochdi. So‘z Shavkat Mirziyoyevga berildi.
- Samarqand milliy davlatchiligimiz poydevori yaratilgan, qadimiy poytaxt maqomiga ega bo‘lgan yirik tarixiy va madaniy markazlarimizdan biri. Bu ko‘hna va betakror shahar O‘zbekiston tarixida, bugungi ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda alohida o‘rin tutadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Nomzod o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi. Bu dastur iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, hududlar rivoji, davlat boshqaruvi, qonun ustuvorligi, tashqi siyosat, madaniyat sohalariga oid o‘nta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.
Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan rejalar ma’lum qilindi. Jumladan, 450 mingta ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 2 barobarga qisqartirish maqsad qilingan. Kelgusi besh yilda viloyatda 8 milliard dollarlik 5 ming 500 dan ziyod katta-kichik investitsiya loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallangan.
Tashqi savdo hajmini oshirish maqsadida Samarqand aeroporti yonida xalqaro kargo markazi,
Jomboy, Paxtachi, Oqdaryo va Samarqand tumanlarida 6 ta agrologistika markazi tashkil qilinadi. 600 dan ortiq yangi mehmonxona va oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, jami o‘rinlar soni 22 mingtaga yetkaziladi. Aholiga yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lami kengaytirilib, Samarqand mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantiriladi.
- Xalqimizning mana shunday buyuk qudratiga tayanib, yagona va ulug‘ maqsad yo‘lida birlashib, insholloh, biz Samarqandni yana qaytadan Yer yuzining sayqaliga aylantiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - O‘zining shonli tarixida buyuk shaharlar, buyuk davlat va sivilizatsiyalar yaratgan xalqimiz bunga har tomonlama qodir, har tomonlama munosib.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.