01.09.2021
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Ularda xorijiy hamkorlarimiz mamlakatimizning istiqlol yillaridagi yuksak muvaffaqiyatlarini alohida qayd etgan. Keyingi yillarda demokratik yangilanishlar, ko‘p millatli xalqimiz turmush sifati va farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirishdagi natijalar, shuningdek, yangi O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi roli e’tirof etilishiga va mamlakatimiz xalqaro nufuzining mustahkamlanishiga xizmat qilayotgan konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni olib borishdagi yutuqlar ta’kidlangan.
Maktublarda davlatimiz rahbariga yangi muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari izhor etilgan.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Mamlakatingiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqiga eng ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.
Ushbu murakkab damlarda biz har bir davlat umumiy global farovonlikka erishish yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishi naqadar muhim ekanini yana bir bor anglaymiz, va shu munosabat bilan Sizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasidagi qat’iy intilishingizni olqishlaymiz.
COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yengib o‘tishda birgalikda harakat qilar ekanmiz, yanada barqaror va adolatli jamiyat barpo etish uchun tiklanish jarayonlaridan foydalanishimiz zarur. Shuningdek, iqlim o‘zgarishlari sohasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni hal qilish borasida dadil harakat qilishimiz, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishimiz kerak.
Mustaqillik kuni munosabati bilan umid qilamanki, O‘zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining yanada mustahkam bo‘lishiga hamda barcha uchun yanada farovon va yanada adolatli dunyoni barpo etishga bundan buyon ham ko‘maklashadi.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qiling.
Antoniu Guterrish,
BMT Bosh kotibi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilinganining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.
Mamlakatingiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan dadil bormoqda, jahon sahnasida munosib hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lib, mintaqaviy va xalqaro ishlarda konstruktiv rol o‘ynamoqda.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga, barcha yo‘nalishlarda sermahsul hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat qaratyapmiz. Bu Rossiya va O‘zbekistonning do‘st xalqlari manfaatlariga to‘liq javob beradi hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadiga mosdir.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, chin qalbimdan mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, barcha yurtdoshlaringizga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin,
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati va xalqi nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.
Mustaqillik qo‘lga kiritilganidan buyon o‘tgan 30 yilda O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi, xalq turmush darajasi yuksaldi, respublikaning xalqaro nufuzi kundan-kunga ortib bordi.
Siz, Prezident janoblari, davlat rahbari lavozimiga kirishganingizdan so‘ng ulkan muvaffaqiyatlarga erishdingiz, islohotlar bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniyani qat’iy ilgari surib, yangi taraqqiyot rejasini ishlab chiqdingiz.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish ishlari jadallashmoqda, Markaziy Osiyoning barqarorligi va taraqqiyotiga ijobiy ruh bag‘ishlamoqda. Xitoy O‘zbekistonni uning milliy shart-sharoitlariga mos keluvchi taraqqiyot yo‘lidan borishda bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlaydi hamda uning milliy taraqqiyot va milliy tiklanish sari sa’y-harakatlarida yeng yelkadosh bo‘lishga tayyor.
Joriy yil aprel oyida biz sermahsul va do‘stona ruhda muloqot qildik, Xitoy-O‘zbekiston strategik hamkorligini har tomonlama kengaytirish bo‘yicha yangi va muhim kelishuvlarga erishdik.
Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdaman, Siz bilan ishchan munosabatlarimiz va shaxsiy do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni ikki mamlakat va xalq farovonligi yo‘lida doimiy ravishda rivojlantirish uchun Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.
Do‘st O‘zbekistonga ravnaq va kuch-qudrat, uning xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Amerika xalqi nomidan Sizni va O‘zbekiston xalqining mamlakatingiz mustaqilligining 30 yilligi bilan tabriklayman. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligining qat’iy tarafdori bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
Keyingi yillarda munosabatlarimiz ancha kengaydi, biz strategik sherikligimiz hamda tinch, o‘zaro bog‘langan va barqaror mintaqani asrash yo‘lidagi hamkorligimiz chuqurlashishiga umid qilamiz.
Shu bilan birga, butun dunyodga COVID-19 ga qarshi kurash davom etmoqda, yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan COVAX dasturi doirasida «Moderna» vaksinasining 3 million dozasi yetkazib berilgani O‘zbekistondagi vaziyatning yaxshilanishiga salmoqli ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga umid bildiraman.
Qo‘shma Shtatlar Sizning ushbu tashabbuslar doirasidagi sherikligingizni qadrlaydi. Munosabatlarimiz kelajakda yanada rivojlanishiga umid qilamiz.
Samimiyat ila,
Jozef Bayden,
Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasi uchun eng muhim tarixiy voqea – Mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlovlarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qiling.
Keyingi yillarda mamlakatingiz siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotda yuksak cho‘qqilarni egalladi va xalq farovonligini oshirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Mamlakatingizda kuchli va samarali davlat barpo etish, milliy davlatchilikni mustahkamlash va xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan modernizatsiya jarayoni jadal davom etmoqda.
Sizning tashabbusingiz bilan yurtingizda ro‘y berayotgan ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar tahsinga sazovor. Ular nafaqat O‘zbekiston uchun, balki Markaziy Osiyo va butun dunyo uchun iftixor manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari ikki tomonlama hamkorlgimizga chinakam yorqin misoldir. Ushbu munosabatlar misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilishi va har tomonlama strategik sheriklik ruhida rivojlanishda davom etishiga ishonaman.
O‘rtamizdagi do‘stlik davom etishiga hamda yaqin orada Siz bilan uchrashishimga umid bildiraman.
Ushbu fayzli damlarda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli faoliyatingizga omad, birodar O‘zbekiston xalqiga esa – farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Nursulton Nazarboyev,
Qozog‘iston Respublikasining
Birinchi Prezidenti – Elboshi
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Qadrli qardoshim!
Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Sizga va Siz orqali butun O‘zbekiston Respublikasining qardosh xalqiga mamlakatingiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun katta sharaf.
Bugun Sizning oqilona rahbarligingizda O‘zbekiston Respublikasi hayotning barcha jabhlarida dadil taraqqiyot etmoqda va ravnaq topmoqda. Mamlakatingiz uchun qutlug‘ ayyomni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda, xalq farovonligini oshirishda, xalqaro maydondagi nufuzni mustahkamlashdagi chinakam ulkan muvaffaqiyatlar bilan qarshi olmoqda.
Bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro ko‘mak tamoyillariga asoslangan Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlari yanada jadal va izchil, o‘zaro ishonch, teng huquqlilik va ochiqlik ruhida rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Yaqinda “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvdi doirasida o‘tgan muloqotimizni alohida iliqlik bilan eslayman. O‘sha uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni muttasil kengaytirish va mustahkamlashga intilishimiz qat’iy ekani yana bir bor tasdiqlandi. Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik ahamiyatga ega birodarlik munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan bundan buyon ham xalqlarimiz farovonligi yo‘lida rivojlanib, mustahkamlanishiga qat’iy ishonaman.
Ushbu fursatdan foydalanib, Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik, birodar O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Barcha qozog‘istonliklar nomidan va o‘z nomimdan Sizni va butun O‘zbekiston xalqini muhim tarixiy sana – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bilan dildan qutlayman.
Ushbu qutlug‘ voqeani birodar O‘zbekiston millati jips, iqtisodiy taraqqiyot sur’atlari yuqori, xalqaro maydonda munosib hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan kuchli va taraqqiy etgan davlat sifatida kutib olmoqda.
Huch shubhasiz, o‘zbek xalqi, Sizning bunyodkor siyosatingizni qat’iy qo‘llab-quvvatlab va keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarib, barqaror taraqqiyot yo‘lini davom ettiradi.
O‘tgan uch o‘nyillikda Qozog‘iston va O‘zbekiston xalqlarimizning tub manfaatlaridan kelib chiqqan va ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlagan holda chinakam strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygani mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Siz bilan birgalikdagi ishlarimiz bundan buyon ham Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorligikning ulkan salohiyatini ham ikki tomonlama darajada, ham mintaqaviy va xalqaro kooperatsiya doirasida to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu tantanali kunda Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mas’uliyatli davlat lavozimidagi faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Sizni va O‘zbekiston Respublikasining butun xalqini tarixiy yubiley – mamlakatingiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar, birodar o‘zbek xalqiga tinchlik, barqarorlik, farovonlik va bardavom taraqqiyot tilayman.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston o‘z davlatchiligini barpo etishda, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda va xalqaro maydondagi nufuzni mustahkamlashda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi. Yurtingiz bugun ham shu yo‘ldan dadil oldinga bormoqda, Sizning, hurmatli Shavkat Miromonovich, rahbarligingiz ostida xalq turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash va farovonligini oshirishga qaratilgan muhim yangilanishlarni izchil amalga oshirmoqda. Yaxshi do‘st va qo‘shni sifatida Tojikistonni birodar O‘zbekistonning ushbu yutuqlari xursand qiladi.
Ushbu qulay imkoniyatdan foydalanib, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini strategik sheriklik formatida izchil rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanimizni ta’kidlamoqchiman.
Konstruktiv muloqotimiz va yaqin sa’y-harakatlarimizni o‘zaro anglashuv, ishonch va hurmat ruhida davom ettirishimiz bundan buyon ham ikki davlat o‘rtasidagi hayotbaxsh munosabatlarni birodar xalqlarimizning tub manfaatlariga muvofiq holda yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
Samimiyat ila,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Sizni va birodar O‘zbekiston xalqini O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy qutlayman.
Mustaqillikka erishganidan buyon O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, kuchli va barqaror demokratik davlat barpo etish yo‘lidan faol qadamlar tashlamoqda. O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda katta muvaffaqiyatlarga erishdi hamda xalqaro va mintaqaviy muammolarga qo‘shgan hissasi uchun jahon maydonida munosib o‘rin egalladi.
Shubhasiz, bu yutuqlar Sizning, hurmatli Shavkat Miromonovich, islohotchi sifatidagi qat’iy sa’y-harakatlaringiz natijasidir. Biz Qirg‘izistonda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlaringizni va ularni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissangizni yuksak qadrlaymiz.
Bugungi kunda ikki mamlakat harmkorligi sifat jihatidan yangi, strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Munosabatlarimizni yanada kengaytirish va mustahkamlashga, bir-birimizni xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlashga, zamonaviy tahdid va xatarlarga birgalikda kurashishga tayyor ekanimizni alohida qayd etmoqchiman.
An’anaviy do‘stlik munosabatlariga asoslangan hamkorlgimiz bundan buyon ham kengayib borishiga qat’iy ishonaman.
Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident Janobi Oliylari,
Aziz birodarim,
O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami munosabati Siz, Janobi oliylarini va butun o‘zbek xalqini xalqim va shaxsan o‘z nomimdan eng samimiy tuyg‘ularim bilan tabriklayman.
Do‘st va qardosh O‘zbekiston Respublikasi Siz, Janobiy Oliylarining boshchiligida amalga oshirilgan islohotlarning ta’sirida farovonlik va barqarorligini oshirib, mintaqaning barqarorligi va tinchligiga ham o‘z hissasini ko‘shmoqda.
Turkiya va turk xalqi O‘zbekistonning va o‘zbek birodarlarining bu sa’y-harakatlarida kecha bo‘lganidek bugun ham, ertaga ham yelkadosh bo‘lishda davom etadi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam qardoshlik rishtalariga asoslangan aloqalarimizga barpo etilgan strategik sheriklikni qisqa vaqt ichida Siz, Janobiy Oliylari bilan birga misli ko‘rilmagan darajaga yuksaltirdik. Bu darajani saqlash uchun va yanada yuksaklarga ko‘tarish uchun kuchli iroda mavjud ekanligini ko‘rishdan juda mamnunman.
Shu fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga, sog‘lik va baxt, do‘st va qardosh o‘zbek xalqiga farovonlik va omonlik tilayman.
Rejep Tayyip Erdog‘an,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
O‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan Sizni va Siz orqali butun xalqingizni birodar O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan dildan muborakbod etaman.
Sizning oqilona siyosatingiz natijasida ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda erishilgan salmoqli yutuqlar birodar davlat sifatida bizni juda mamnun etmoqda.
O‘zaro ishonch va ko‘makka asoslangan bugungi Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari bizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Ularda siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning har tomonlama rivojlanishi kuzatilmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shaklda bundan buyon ham mustahkamlanib borishiga, biz amalga oshirayotgan birgalikdagi sa’y-harakatlar xalqlarimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonaman.
Ushbu muhim kunda Sizni yana bir bor qutlayman, birodar O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari,
Sizga va do‘st O‘zbekiston xalqiga O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklarimni yetkazishdan mamnunman.
Hindiston va O‘zbekistonni chuqur tarixiy va sivilizatsion aloqalar bog‘lab turadi. O‘tgan yillar mobaynida ikki tomonlama munosabatlarimiz bir necha sohalarni qamrab oldi, axborot texnologiyalari, kosmos, atom energetikasi, rivojlanish uchun sheriklik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va texnika hamda madaniyat shular jumlasidan. Bizning strategik sherikligimiz ko‘p qirrali aloqalarimizni yanada diversifikatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan.
Bizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti, “Hindiston- Markaziy Osiyo” muloqoti va Shanxay Hamkorlik Tashkilotidagi hamkorligimiz ko‘p tomonlama anjumanlarda pozitsiyalarimiz o‘xshashligini namoyon etmoqda. Ishonchim komilki, Hindiston va O‘zbekiston birgalikda mintaqamiz oldida turgan umumiy muammolarni hal qilishda o‘z hissasini qo‘shadi.
Fursatdan foydalanib, Siz, Janobi Oliylariga sihat- salomatlik, baxt-saodat va barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmatini qabul qilgaysiz.
Narendra Modi,
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari,
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Pokiston xalqi va shaxsan o‘z nomimdan Sizga qizg‘in tabriklarimni yo‘llash menga katta mamnuniyat baxsh etadi.
Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari ko‘p asrlik diniy, madaniy va tarixiy umumiylikka asoslangan. Pokiston O‘zbekiston bilan barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga katta ahamiyat beradi.
Yaqinda go‘zal mamlakatingizga amalga oshirgan tashrifim davomida biz ikki tomonlama masalalar yuzasidan batafsil fikr almashdik. Sizni ishontirib aytamanki, mening hukumatim ikki mamlakatlarimiz o‘rtasidagi birodarona do‘stlik aloqalari va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdordir.
O‘zbekistonda COVID-19 tarqalishiga qarshi muvaffaqiyatli sa’y-harakatlaringiz munosabati bilan tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga mustahkam sog‘liq va ulkan yutuqlar, O‘zbekistonning birodar xalqiga esa bardavom tinchlik, ravnaq va farovonlik tilayman.
Janobi Oliylari, yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Imron Xon,
Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobiy Oliylari!
Sizni va butun o‘zbek xalqining O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik yanada rivojlanishiga umid qilaman hamda xalqlarimiz do‘stligi va o‘zaro almashinuvlari yanada mustahkamlanishini istayman.
Sizga, Prezident janoblari, va rafiqangizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, O‘zbekiston Respublikasiga esa cheksiz ravnaq tilayman.
Mun Chje In,
Koreya Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Sizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan qutlayman.
2019-yil dekabar oyida Sizning Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifingiz bo‘lib o‘tdi. Joriy yil may oyida o‘tgan telefon orqali muloqotimiz tashrifning mantiqiy davomi bo‘ldi. Suhbatimiz davomida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq tarixga ega do‘stlikning ahamiyatini, strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga tayyor ekanimizni tasdiqlaganimizdan juda xursandman.
Yaponiya hukumati O‘zbekistonning rivojlanishiga izchil ko‘maklashish va Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Sizning Yaponiyaga tashrifingiz doirasida erishilgan kelishuvlar asosida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanishiga ishonaman.
Tokiodagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda ko‘rsatgan katta yordamingiz uchun Sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ushbu tadbirlarda o‘zbekistonlik sportchilar erishgan muvaffaqiyatlar bilan Sizni qutlayman.
Fursatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog‘lik, faoliyatingizga katta muvaffaqiyatlar, O‘zbekistonga bardavom ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Yosixide Suga,
Yaponiya Bosh vaziri
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident janoblari!
Ushbu alohida ahamiyatga ega kun – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Sizga va xalqingizga samimiy tabriklarimni yo‘llamoqdaman.
Koronavirus pandemiyasi oqibatlari Siz tomondan O‘zbekistonda boshlangan islohotlar siyosati uchun katta xatar tug‘dirdi. Shu bilan birga mamlakatingiz ushbu inqirozli davrda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolgani amalga oshirilgan islohotlar sezilarli samara berayotganini ko‘rsatib turibdi. Bu O‘zbekiston uchun islohotlarni yanada faol ilgari surish uchun rag‘bat bo‘lishiga umid qilaman. Bu jarayonda Germaniya O‘zbekistonni bajonidil qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan kelgusi yilga rejalashtirilgan tantana va tadbirlarni alohida mamnuniyat bilan kutmoqdaman.
Sizga har tomonlama ravnaq, O‘zbekiston xalqiga esa tinch taraqqiyot, erkin, xavfsiz va farovon kelajak tilayman.
Frank-Valter Shtaynmayer,
Germaniya Federativ Respublikasi
Federal Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Prezident janoblari!
O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrami va mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘z nomimdan va Fransiya xalqi nomidan Sizga tabriklarimni yo‘llashdan mamnunman hamda O‘zbekiston xalqiga ravnaq tilayman.
Mamlakatlarimiz yuzaga kelgan sanitariya-epidemiologik vaziyatga qaramasdan ikki tomonlama hamkorlikni a’lo darajada saqlab qola olganidan mamnunman. Joriy yil may oyida tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik vaziri Frank Riyesterning O‘zbekistonga tashrifi ko‘plab kelishuvlarni imzolash hamda aviatsiya, energetika, turizm infratuzilmasi, shaharlarni barqaror rivojlantirish va suv xo‘jaligi sohalarida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yangi loyihalarni boshlash imkonini berdi. O‘zbekiston bu yilda iqtisodiy o‘sish kuzatilgan sanoqli mamlakatlardan biri bo‘lgani alohida diqqatga sazovor. Korxonalarimiz mamlakatingizdagi faoliyatini davom ettirishlari va u yerda loyihalarni ishlab chiqishlariga umid qilaman.
Biz ko‘plab yo‘nalishlarda – madaniyat, iqtisodiyot va tibbiyot sohalarida hamkorlik loyihalarini boshladik, ushbu ijobiy sur’at yaqin oy va yillarda ham davom etirishga umid bildiraman. Ayniqsa, xalqingizning noyob merosini qadrlash maqsadida San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi bilan sheriklikda merosni asrab-avaylash borasidagi hamkorligimizdan mamnunman. Bugungi kunda Fransiya ilmiy guruhlari ishtirokida qayta tiklash bo‘yicha ham bir nechta loyiha amalga oshirilmoqda. Nihoyat, yaqin oylarda Fransiyada O‘zbekiston ishtirokida bir nechta muhim ko‘rgazmalar bo‘lib o‘tishi yana bir bor madaniy aloqalarimiz naqadar boy va mustahkam ekanini ko‘rsatmoqda.
Prezident janoblari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Emmanuel Makron,
Fransiya Respublikasi Prezidenti
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Yevropa Ittifoqi nomidan Sizni mamlakatingiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz.
O‘zbekiston yosh davlat bo‘lsada, har qancha faxrlanishga arzigulik qadimiy merosga asolangan. Mustaqillik yillarida mamlakatingiz ko‘p yutuqlarga erishdi, mintaqada va jahonda o‘z mavqeini mustahkamladi.
Sizning rahbarligingiz ostida O‘zbekiston qo‘shnilar bilan ko‘priklarni tikladi va mintaqangizda barqarorlik va tinch hamkorlikni ilgari surishda yetakchilikni o‘z zimmasiga oldi. Global va mintaqaviy tahdidlarni yengib o‘tish yo‘lida sheriklik qilish o‘zaro hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi hamda Afg‘onistondagi so‘nggi voqealar nuqtai nazaridan g‘oyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yevropa Ittifoqi uch o‘nyillik davomida mamlakatingiz bilan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim asosida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Munosabatlarimiz mustahkamlanishda davom etib, shu yilning bahorida biz yurtingizning atrof-muhitni boshqarish va inson huquqlari kabi sohalardagi xalqaro konvensiyalarga qo‘shilish borasidagi muvaffaqiyatlarining e’tirofi sifatida O‘zbekistonning savdo preferensiyalarini olish bo‘yicha GSP+ tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganini olqishladik.
Munosabatlarimizni yangi, faol hamkorlik bosqichiga ko‘tarish niyatidamiz, zero, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi bo‘yicha muzokaralarimiz yakuniga yetmoqda. Ushbu bitimning qabul qilinishi O‘zbekiston mustaqilligi va ikki tomonlama munosabatlarimizning 30 yilligini nishonlash uchun munosib natija, Siz amalga oshirayotgan modernizatsiya va islohotlar dasturi erishayotgan yutuqlarning ifodasi bo‘ladi.
Shuni hisobga olib, men Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi tayinlangan Maxsus vakili, elchi Terxi Xakaladan uning O‘zbekistonga tashrifi doirasida muhim sohalardagi mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini hukumatingiz bilan muhokama qilishni so‘radim.
Hurmatli Prezident janoblari, mamlakat yetakchisi sifatida Sizga ushbu tabrik maktubini yo‘llar ekanman, yaqin kelajakda Bryusselga rejalashtirilayotgan tashrifingiz doirasida Siz bilan uchrashamiz, deb umid bildiraman.
Muhtaram Prezident janoblari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tiborimni qabul qilgaysiz.
Chuqur hurmat bilan,
Sharl Mishel,
Yevropa Kengashi Prezidenti
* * *
Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko
Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayon
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy
O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos
Yaponiya Imperatori Naruxito
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qirolichasi Yelizaveta II
Ispaniya Qiroli Felipe VI
Niderlandiya Qiroli Villem-Aleksandr
Avstriya Respublikasi Federal Prezidenti Aleksandr Van der Bellen
Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radev
Vengriya Prezidenti Yanosh Ader
Latviya Respublikasi Prezidenti Egilts Levits
Polsha Respublikasi Prezidenti Anjey Duda
Portugaliya Respublikasi Prezidenti Marselu Rebelu de Souza
Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis
Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich
Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Sauli Niinestyo
Chexiya Respublikasi Prezidenti Milosh Zeman
Shveysariya Konfederatsiyasi Prezidenti Gi Parmelin
Estoniya Respublikasi Prezidenti Kersti Kalyulayd
Avstraliya Ittifoqi General-gubernatori Devid Xyorli
Rim-katolik cherkovi rahbari Fransisk
Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub
Shri-Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi Prezidenti Gotabaya Rajapaksa
Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan-Ocha
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum
Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, Abu-Dabi Amirligi valiahdi shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Sayf bin Zoid Ol Nahayon
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriy
Jahon sayyohlik tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.