02.05.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Qayd etib o‘tilsinki, mustaqillik yillarida shahar va qishloqlar aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rekonstruksiya qilish hamda yangilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qo‘qon, Urganch, Qarshi, Shahrisabz shaharlarining arxitektura qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Tasdiqlangan bosh rejalar bo‘yicha Guliston, Termiz va Jizzax shaharlarini rekonstruksiya qilish yuqori sur’atlar bilan olib borilmoqda.
Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi dasturini amalga oshirish natijasida qishloq aholi punktlarining qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda, ijtimoiy-bozor infratuzilmasining rivojlangan tarmog‘i yaratildi.
Shu bilan birga shaharsozlik faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni, aholi punktlarini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirishda, ishlab chiqarish, ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasi obyektlarini qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari talablarini qo‘pol ravishda buzishning ko‘pdan-ko‘p faktlari aniqlandi.
Aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida funksiya va vakolatlarning aniq chegaralab qo‘yilmaganligi shaharlar va boshqa aholi punktlarini reja asosida rivojlantirish hamda kompleks ravishda qurishga jiddiy zarar yetkazayotgan asossiz va shoshma-shosharlik bilan loyiha-rejalashtirish yechimlari qabul qilinishiga, shuningdek, shaharsozlik hujjatlari va qurilish sifatining yomonlashuviga olib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatining butun tizimini tubdan qayta tashkil etishni, shaharsozlikning normativ-huquqiy va institutsional bazasini yanada takomillashtirishni, shaharsozlik hujjatlari sifatini oshirishni taqozo etmoqda.
Moddiy-texnika bazasi yuqori darajada bo‘lgan va o‘z faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanadigan loyiha tashkilotlarining keng miqyosli hududiy tarmog‘i mavjud emasligi, ilg‘or xorijiy tajriba, arxitektura va dizayn sohasidagi yutuqlardan, shuningdek, innovatsion dasturiy yechimlardan yetarlicha foydalanilmasligi shaharsozlik hujjatlarini loyihalashtirish va ishlab chiqish sifatiga salbiy ta’sir qo‘rsatmoqda. Bularning hammasi qurilish sohasida davlat mablag‘lari va resurslaridan nooqilona foydalanilishiga olib kelmoqda.
Arxitektura va shaharsozlik sohasini yanada rivojlantirish, shaharlar va aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish holatini yaxshilash, aholi punktlarini kompleks qurish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining, qo‘mita hududiy bo‘linmalari rahbarlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining shahar va aholi punktlari bosh rejalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topilsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejalar asosida aholi punktlarini kompleks qurish, loyixa va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish va qo‘llashda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan tizimli davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirish, buyurtmachilar tomonidan texnik nazorat va loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazorati o‘tkazilishini tekshirish;
respublika hududida aholini joylashtirishning Bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkillashtirish, shaharsozlik hujjatlari va davlat shaharsozlik kadastri amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq va o‘rta muddatli davlat dasturlarini, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqishda qatnashish;
shaharsozlik, shaharsozlik faoliyati va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar olib borish sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosat olib borish, yuqori samarali va energiya tejaydigan loyiha yechimlari va qurilish materiallarini, zamonaviy qurilish texnologiyalari va innovatsion loyihalarni tatbiq etish;
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish normalari ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish, loyihalashtirish, qurilish, qurilish industriyasi, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish hamda sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda zamonaviy talablarga mos keladigan hududiy tarmoqlarni kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, mualliflik nazoratining roli va mas’uliyatini oshirish, shaharsozlik, loyiha oldi va loyiha-smeta hujjatlarining davlat ekspertizasini o‘tkazish;
mehnat unumdorligi oshirilishini, qurilish qiymati pasaytirilishini, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan ilg‘or texnologiyalarni qurilish sohasiga joriy etish, Qurilish pudrat tashkilotlari reyestrini yuritish;
bozor islohotlari jarayonlarini chuqurlashtirish, hamma joyda raqobatli narx belgilash mexanizmlarini tatbiq etish, korporativ normalar va narx belgilashning rolini oshirish, loyihalash va qurilishning smeta-normativ bazasini takomillashtirish;
kapital qurilishda davlat xarid tizimini takomillashtirish, tanlov (tender) hujjatlarini ishlab chiqish va ularni ekspertizadan o‘tkazish, tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazishda belgilangan tartibga rioya etilishini nazorat qilish, shartnomaviy majburiyatlar bajarilishi monitoringini olib borish;
arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini litsenziyalash, loyiha-smeta hujjatlarini va qurilish faoliyatining ayrim turlarini ekspertizadan o‘tkazish;
arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida tizimli asosda malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash, respublikaning ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlarida ta’lim jarayonining darajasi va sifatini tubdan oshirish, qurilish sohasidagi loyihachilar va mutaxassislarning doimiy asosda malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining raisi, shuningdek, qo‘mita hududiy bo‘linmalarining rahbarlari zimmasiga shahar aholi punktlarining bosh rejalari va mufassal rejalashtirish loyihalari, shuningdek, qishloqlar (ovullar) fuqarolar yig‘inlari hududlarining arxitektura-rejalashtirish loyihalarini o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqishni ta’minlash, ularni ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini qo‘mitaga topshirish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib, arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari bilan, qayta tashkil qilinsin, uning eng muhim vazifasi etib, aholi punktlarining belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalariga qat’iy muvofiq ravishda kompleks qurilishini, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan aholi punktlarini rejalashtirish va qurishda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik normalari, qoidalari va standartlariga so‘zsiz rioya etishlari, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarilishi va qo‘llanilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish, buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib borish belgilansin.
Quyidagilar belgilansin:
Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari hisoblanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri Arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalarining boshliqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi respublika arxitektura shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklansin:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlarini shakllantirish, ko‘rib chiqish va amalga oshirish borasidagi ishlarni tashkil etish;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishib olish, ularning amalga oshirilishi, arxitektura-rejalashtirish hujjatlariga, muhim shaharsozlik normalari va standartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy asoslangan holda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish va qurish, zamonaviy talablarni, milliy arxitektura-madaniy an’analarni, shahar hududlaridan samarali foydalanish, tabiiy muhitga ziyon yetazmaydigan munosabatda bo‘lishni hisobga olgan holda aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish tuzilmasini uyg‘un rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
aholi punktlarining ijtimoiy va muxandislik-transport infratuzilmasini kompleks yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish, eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatdan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obyektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi (A.J.Ramatov) aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, kompleks ravishda qurish, ijtimoiy, muxandislik va transport infturazilmasini ta’minlash bo‘yicha aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalari bajarilishi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hamda vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitishni amaliyotga joriy etsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzurida, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzurida 1 "a"-ilovaga muvofiq namunaviy tarkibda hududiy arxitektura qurilish kengashlarini tuzish va ularning zimmasiga quyidagi vazifalarni yuklash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:
viloyatlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini hamda tumanlar (tuman guruhlari)ni rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, mufassal rejalashtirish loyihalarini hamda o‘z tasarrufidagi hududlarda boshqa shaharsozlik hujjatlarini ko‘rib chiqish va kelishib olish;
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning loyihalarini ko‘rib chiqish va kelishib olish;
aholi punktlarini va qishloqlararo hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish va qurish to‘g‘risida davlat boshqaruvi organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning takliflarini ko‘rib chiqish;
bosh rejalarni, mufassal rejalashtirish loyihalari hamda boshqa shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish, shaharsozlik faoliyati obyektlarini joylashtirish hamda tegishli hududlarda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman va shaharlar davlat hokimiyati organlariga takliflar kiritish.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining va hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir;
hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan holda shaharlar va tumanlar markazlarining tasdiqlangan bosh rejalariga o‘zgartishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar:
belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejalar va mufassal rejalashtirish loyihalari mavjud bo‘lmaganida shahar va tuman markazlarida obyektlarni joylashtirish va qurish (qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno);
tasdiqlangan loyiha hujjatlari, davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasining qurilish-montaj ishlarini bajarish yuzasidan ekspertizasining ijobiy xulosasi va ruxsati mavjud bo‘lmaganida obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining qarorlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) qat’iy taqiqlansin.
Belgilansinki, istisno hollarda tasdiqlangan bosh rejalarga va mufassal rejalashtirish loyihalariga ega bo‘lmagan shaharlar va tuman markazlarida maqsadli dasturlarda va O‘zbekiston Respublikasining hukumat qarorlarida nazarda tutilgan uy-joy va ijtimoiy-fuqarolik ahamiyatidagi obyektlarni joylashtirish va qurish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligining:
ixtisoslashtirilgan oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarini 2-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tarkibiga o‘tkazish, ularni O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ta’minlash xarajatlarini moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
10. Quyidagilar Jamg‘arma daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
mulkchilik shaklidan qat’iy nazar loyiha-qidiruv tashkilotlarining bajarilayotgan loyiha-qidiruv ishlari hajmining 0,1 foiz miqdoridagi majburiy ajratmalari;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun solingan jarimalardan tushgan mablag‘lar (sud xarajatlari chiqarib tashlangan);
O‘zbekiston Respublikasining rezident hamda norezident yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy homiylik badallari;
xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari hamda beg‘araz yordami va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilangan tartibda:
a) bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini samarali tashkil etish va loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi qarorlari loyihalarini kiritsin;
b) bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari to‘g‘risidagi nizomlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 1-may
Keyingi yillarda shahar va qishloq aholi punktlarining zamonaviy me’moriy qiyofasini shakllantirish, uy-joy va ijtimoiy-maishiy qurilishni jadal rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini yangilash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Qo‘qon, Urganch, Qarshi, Shahrisabz shaharlarining arxitektura-loyihalashtirish tizimini sezilarli darajada yaxshilash imkonini berdi. Guliston, Termiz va Jizzax shaharlarini rekonstruksiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi zamonaviy turar joylar barpo etilishi natijasida qishloq aholi punktlarining qiyofasi tubdan yaxshilanib bormoqda. 2016-yil oxiridan boshlab aholining kam ta’minlangan qatlami uchun shaharlar va qishloq aholi punktlarida arzon uy-joylarni qurish ishlari yanada tezkor sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, tahlillar aholi punktlarida qurilish ishlarini olib borish va rekonstruksiya qilish, loyiha va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish davomida belgilangan tartib, qoida va me’yorlar qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Joylarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda davlat boshqaruvi organlari o‘rtasida hududlarni rivojlantirishda shaharsozlik jarayonini boshqarish borasida vazifalar va vakolatlarning aniq chegaralari mavjud emasligi shaharlar hamda boshqa aholi punktlarini rejali rivojlantirish va kompleks qurish hamda izchil rivojlantirish borasida shoshilinch, ba’zida esa noto‘g‘ri loyihaviy-rejali qarorlar chiqarilishiga sabab bo‘lmoqda.
Zamonaviy loyihalashtirish usullarini, amaliy dasturiy mahsulotlarni, ilm-fan, arxitektura va dizayn yutuqlarini hayotga tatbiq etish, zamon talablariga javob beradigan, murakkab hamda yuqori kategoriyali loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega istiqbolli yoshlarni jalb etish uchun yetarli qiziqishi bo‘lmagan loyiha tashkilotlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda.
Bugungi kunda shaharsozlik sohasiga oid asosiy masalalar va muhim muammolarni hal etish g‘oyat dolzarb vazifa ekani inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmon hamda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.
Xususan, qabul qilingan Farmon, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining arxitektura va shaharsozlik sohasida yagona davlat va ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish jarayonidagi rolini oshirishga qaratilgan bo‘lib, uning faoliyatidagi asosiy vazifalar va yo‘nalishlarni belgilab beradi. Jumladan:
shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy bazani muntazam ravishda takomillashtirib va yangilab borish;
loyihalash ishlari va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, qurilishda ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or texnologiyalar jalb qilinishini tashkil etish;
bozor munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kapital qurilishda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish;
arxitektura, loyihalash va qurilish sohalari uchun malakali kadrlarni tayyorlashni ta’minlash.
Farmonda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, jumladan, aholi punktlarini loyihalash va qurishda, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda, qurilish materiallari hamda mahsulotlarini ishlab chiqarishda, buyurtmachi tomonidan texnik nazorat hamda loyihalash tashkilotlari tomonidan mualliflik nazoratining olib borilishida shaharsozlik tartib-qoidalari va me’yorlariga rioya etish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining Loyiha va qurilish-montaj ishlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘z lavozimiga ko‘ra bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining o‘rinbosarlari hisoblanishlari belgilab qo‘yilgan.
Yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari inspektorlariga quyidagi huquq berilmoqda, ya’ni:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar bilan kelishilmagan holda, moliyaviy manbalarning turidan qat’iy nazar, barcha qurilish obyektlarida, jumladan, shaxsiy uy-joy qurilish obyektlarida ruxsat beruvchi hujjatlarning mavjudligini aniqlash hamda shaharsozlik me’yorlari va qoidalari talablarining bajarilishini ta’minlash maqsadida qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvlarini amalga oshirish.
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni tegishli tartibga keltirish va mazkur qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlardan biri – tasdiqlanmagan bosh rejalarsiz va mukammal rejalashtirilmagan loyihalarsiz shahar va tuman markazlarida har qanday ko‘rinishdagi shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, loyihalarsiz va qonunchilik me’yorlarida ko‘zda tutilgan boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ushbu Farmonga muvofiq taqiqlanadi.
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, shuningdek, respublikaning o‘n to‘rtta hududida bittadan arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi kasb-hunar kolleji O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimiga o‘tkazilgani qabul qilingan Farmondagi muhim yangiliklardan biridir.
Bunday yoshlarni tarmoqqa jalb etish, soha kadrlarini tayyorlash sifatini tubdan oshirish, fan, nazariya va amaliyotning, shuningdek, o‘quv jarayonini loyihalashtirish va qurilish amaliyoti bilan uzviyligini ta’minlash, o‘quv muassasalari bitiruvchilarini kafolatli ish bilan ta’minlashga qaratilgandir.
Mazkur vazifalarni hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzurida asosiy faoliyati o‘quv jarayonlariga mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari, loyiha-qurilish firma va kompaniyalaridan malakali mutaxassislarni jalb etish orqali o‘quv jarayonlari sifatini oshirishga qaratilgan ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi jamg‘arma tashkil etilmoqda.
Ushbu Farmon bilan shaharlar qiyofasini shakllantirishda arxitektura-shaharsozlikning muhim o‘rin egallashi inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashining yangilangan tarkibi tasdiqlandi va uning vazifalari belgilab berildi. Ushbu vazifalar qatoridan aholi punktlari infratuzilmasini rivojlantirish va kompleks qurilishlarning bosh rejalarga mosligi ta’minlanganini inobatga olgan holda, davlat va xo‘jalik yurituvchi organlar rahbarlari hisobotlarini eshitish ham o‘rin olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatidagi ana shu muhim va ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni asosida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining markaziy apparati, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tashkiliy tuzilmalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasining tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalarining namunaviy tuzilmalari, shuningdek, tumanlar va shaharlar arxitektura va qurilish bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari tasdiqlandi;
hududiy bo‘linmalarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysundirilishi va hisobdorligi, shuningdek, hududiy bo‘linmalar rahbarlarini tayinlash va ozod etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilandi.
Yuklatilgan vazifalarni bajarishni ta’minlash maqsadida Qo‘mita tuzilmasida yangi vazifa va faoliyat yo‘nalishlariga ega quyidagi boshqarma va bo‘limlar tashkil etiladi:
loyihalashda texnik me’yorlashtirish, qurilishda yangi loyihaviy yechimlar, texnologiyalar va materiallarni joriy etish boshqarmasi;
litsenziyalash, loyihalashtirish tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va loyihalash xizmati bozorini rivojlantirish boshqarmasi;
pudrat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, pudrat ishlari bozorini rivojlantirish va kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar boshqarmasi;
ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va Jamg‘armani boshqarish bo‘limi.
Qo‘mitaning hududiy bo‘limlari faoliyatini samarali boshqarish va muvofiqlashtirish maqsadida davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari, davlat ekspertizasi boshqarmalari hamda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri arxitektura va qurilish bosh boshqarmalariga qayta bo‘ysundirildi.
Umumiy hisobda O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimidagi xodimlar soni 466 nafarga yetkazilib, ularning 386 nafarini tuman hamda shahar arxitektura va qurilish bo‘limlaridagi xodimlar tashkil etadi. Bu bilan shahar hamda tuman arxitektura va qurilish bo‘limlari shtat birliklari uch nafarga yetkazildi.
O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va shaharsozlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qaror bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar shaharsozlik va shaharsozlik faoliyati sohasida me’yoriy-huquqiy va me’yoriy-texnik bazani takomillashtirishga qaratilgan aniq tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq choralar ko‘rishni ko‘zda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni va qarori ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tizimi faoliyatini samarali boshqarish imkonini beradi.
Aholi uchun qulay turmush tarzini yaratish, shuningdek, rivojlangan ishlab chiqarish, ijtimoiy, muhandislik-transport infratuzilmasiga ega obod aholi punktlarini barpo etish olib borilayotgan shaharsozlik siyosatining muhim natijasi bo‘lib qoladi, albatta.