24.07.2021
24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Turkmaniston yetakchisi davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Prezidentlar joriy yil 6-avgust kuni “Avaza” milliy turizm hududida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalasiga alohida to‘xtaldilar. Bo‘lajak tadbirning kun tartibi va dasturi yuzasidan fikr almashildi.
Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston yetakchisini Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyoning bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilagi bilan ham samimiy qutladi. Ushbu forumning samarali natijalari keng mintaqada amaliy hamkorlik loyihalarini ilgari surish uchun yaxshi asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.