16.07.2021
Toshkent xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Shaxin Mustafoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shaxin Mustafoyev davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistiki loyihalarini ilgari surish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini o‘tkazish, birinchi Hududlararo forumni tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.