16.07.2021
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ishida qatnashayotgan Quvayt Davlatining tashqi ishlar vaziri, Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri shayx Ahmad Nosir al-Muhammad as-Sabohni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi. Quvayt tashqi siyosiy idorasi rahbarining ushbu tashrifi muloqot va almashinuvlarning faollashishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Quvayt tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Quvayt Amiri Navaf al-Ahmad al-Jobir as-Sabohning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni, eng avvalo savdo, investitsiya va innovatsiyalar, moliya, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalari, ta’lim va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida qo‘shma tadbirlar dasturini tayyorlashga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan konstruktiv ruhda fikr almashildi.