16.07.2021
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya tadbirlarida ishtirok etayotgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdini qabul qildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va o‘zaro manfaatli hamkorlik dasturlarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqib mintaqa kun tartibidagi masalalar hamda avgust oyining boshida Turkmanistonda o‘tkaziladigan navbatdagi Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik masalasi ko‘rib chiqildi.