25.06.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishmoqda.
Bundan bir yil oldin davlatimiz rahbari Sergeli tumanini poytaxtimiz markazi bilan bog‘lovchi yo‘l va ko‘prik loyihasi bilan tanishgan edi. O‘tgan yili 26-dekabr kuni ushbu yo‘lning muhim qismi bo‘lgan Qipchoq ko‘chasidagi ko‘prik ochildi. Bugungi kunda ushbu ko‘prikdan Cho‘ponota ko‘chasigacha yangi yo‘l va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etilmoqda.
Kichik halqa yo‘li va Salar kanali ustida qurilayotgan ko‘prikning uzunligi 788 metr, chiqish-tushish qismi bilan hisoblaganda 950 metr bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari ushbu ko‘prikni borib ko‘rdi.
O‘ziga xos muhandislik yechimiga ega bu inshoot monolit uslubida, beton aralashmasi ichidagi temir to‘qimalarni tarang tortish texnologiyasi asosida bunyod etilmoqda. Bu xavfsiz bo‘lishi bilan birga qurish uchun juda qulay. Xususan, bu yerdagi ishlar ham Kichik halqa yo‘li va temir yo‘ldagi qatnovni to‘xtatmagan holda davom ettirilmoqda.
- Bu arzon, mustahkam, xalqimizga ham ma’qul texnologiya. Kelajakni hisobga olib, hali ko‘p joyda ko‘priklar quramiz. Shuning uchun mutaxassislar va talabalarni bu yerga olib kelib, jarayonni ko‘rsatish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rgatish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu ko‘prikdan Qipchoq ko‘chasigacha 6 kilometr yo‘l qurilmoqda. Toshkent halqa avtomobil yo‘li bilan kesishgan joyda tunnel bo‘ladi. Shu tariqa, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Cho‘ponota ko‘chasi va Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi samarali bog‘lanadi.
Hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l – Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanmoqda. Shu bois unda qatnov juda ko‘p, tirbandlik katta.
6 qatorli yangi ko‘prik va yo‘l soatiga 12 mingtagacha avtotransportni o‘tkazish quvatiga ega bo‘ladi. Natijada Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, harakat vaqti 20-25 daqiqaga kamayadi.
Yo‘l bo‘ylariga energiya tejamkor yoritgichlar o‘rnatiladi. Bo‘sh maydonlarda “yashil hududlar” barpo etilib, piyodalar yo‘lagi va veloyo‘lakchalar tashkil etiladi.
Shu yerda Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Yangi O‘zbekiston ko‘chasida yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.