28.05.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-may kuni ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish va ularga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda shahar va qishloqlarni yangilash, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli va manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi uch yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metr bo‘lgan 155 mingta xonadon foydalanishga topshirildi. Ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshdi.
Yangi uylar, zamonaviy massivlar ko‘payishi bilan ularga xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi ortib bormoqda. Bu bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlarda ko‘p qavatli uylarda yashovchi 35 foiz aholi ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozi ekani, 65 foizi shirkatlar ishini amalda sezmayotganini aytgan.
Bunga sabab – ko‘p shirkatlarning o‘zi moliyaviy og‘ir ahvolda. Yaxshi xizmat ko‘rsatib, odamlar ishonchini qozonolmayapti. Imtiyozlar berilganiga qaramay, kreditlar vaqtida so‘ndirilmayapti.
Shu bilan birga, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida mablag‘larni samarasiz ishlatish, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari juda ko‘p. Jumladan, oxirgi 2 yilda sohaning 100 ga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan.
Yig‘ilishda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va uy-joy fondini yangilash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Viloyat markazlari, shuningdek, Nukus, Chirchiq va Angren shaharlarida ayrim mavzelarni, tajriba tariqasida, malakali boshqaruv-servis kompaniyalariga berish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu kompaniyalar faoliyatini reyting asosida baholash joriy qilinadi. Xizmat ko‘rsatishi yaxshi bo‘lganlariga ob’ekt soni ko‘paytirib beriladi. Barcha boshqaruv-servis kompaniyalarida 24 soat ishlaydigan buyurtma berish markazlari tashkil etiladi.
Yana bir muhim masala – ko‘p hollarda, shirkatlardagi qarzdorlik xizmatlar narxidagi nomutanosiblik tufayli kelib chiqardi. Endi, uy-joylarni saqlashning minimal xizmatlari va me’yorlarini mahalliy kengashlar aholi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi. Bunda, hududiy kommunal xizmat boshqarmasi tarif parametrlarini bandma-band asoslab, qiladigan ishlari va ko‘rsatadigan xizmatlari bo‘yicha rejalarini taqdimot qiladi.
Ijtimoiy reyestrga kirgan ehtiyojmand oilalarga uy-joylarni saqlashga majburiy to‘lovlar uchun subsidiya ajratiladi.
Axborot texnologiyalari va kommuni-katsiyalarini rivojlantirish vazirligiga shu yil 1 oktyabrdan boshlab majburiy to‘lovlarni billing tizimida amalga oshirish bo‘yicha yagona elektron platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Yangi qurilgan 3 mingta ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilib, ular uchun boshqaruv kompaniyalari tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
- Insonning yashash sharoiti yaxshi bo‘lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo‘lmaydi. Mening eng katta tashvishim - loyiha sifatli emas. Agar qurilishda korrupsiya omillarini yo‘q qilib, iqtisod nuqtai nazaridan xalqning puli nazoratini kuchaytirsak, natija boshqacha bo‘ladi, - dedi davlatimiz rahbari.
Joriy yilda avariya holatidagi 212 ta ikki qavatli uylarni renovatsiya asosida yangidan qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda 456 ta avariya holatidagi ikki qavatli uylarni ta’mirlash ishlari yakuniga yetkaziladi. Bundan tashqari, bu yil 2 ming 400 ta, kelgusi ikki yilda 4 ming 100 ta ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash kerak.
Shu maqsadda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida uylarni ta’mirlashni moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil etilishi belgilandi. Uning mablag‘lari teng ulushlarda respublika va mahalliy byudjet hisobidan shakllantiriladi. Joriy yilda shu tarzda jami 220 milliard so‘m ajratilishi, qolgan 100 milliard so‘mga aholi mablag‘lari jalb qilinishi qayd etildi.
Shunday qilib, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash xarajatlarining 30 foizi mulkdorlar tomonidan, qolgan 70 foizi esa jamg‘arma mablag‘laridan amalga oshiriladi.
Viloyat hokimlariga bu mablag‘lardan maqsadli foydalangan holda renovatsiya va ta’mirlash ishlarini samarali tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda issiqliq tizimini modernizatsiya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shaharlarimizda 15 mingta ko‘p qavatli uy markazlashgan issiqlik tarmoqlariga ulangan. Lekin 2 ming kilometr quvurlar yaroqsiz ahvolda bo‘lib, tarmoqdagi yo‘qotishlar o‘rtacha 40 foizni tashkil etmoqda.
Shu bois yil yakuniga qadar 56 ta qozonxona qurish va rekonstruksiya qilish, 205 kilometr tarmoqlarni ta’mirlash orqali 2 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylarni markaziy issiqlik tarmog‘iga ulash choralari belgilandi.
– Yangi ko‘p qavatli uylarni yaxlit massiv shaklida qurishdan maqsad – energiya resurslarini, infratuzilma xarajatlarini iqtisod qilish. Lekin, bu bo‘yicha vazirlikda ham, hududlarda ham haligacha yagona yondashuv yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turar joylarni zamonaviy issiqlik ta’minotiga o‘tkazish, bunga xususiy sektorni keng jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Bu yil 183 ta yangi uy-joy massivlari qurilmoqda. Ularga 185 kilometr ichimlik suvi, 290 kilometr oqava tizimi, 130 kilometr elektr, 110 kilometr tabiiy gaz tarmoqlari tortiladi. Buning uchun zarur 415 milliard so‘m mablag‘ning manbalari aniq.
Mutasaddilarga ushbu massivlarni infratuzilma bilan sifatli ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Osiyo taraqqiyot bankining 50 million dollar krediti hisobidan aholi zich, uy-joyga talab yuqori bo‘lgan tumanlarda kamida 3 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi qayd etildi.
Uy-joyning boshlang‘ich badali uchun subsidiya to‘lash tartibini soddalashtirish hamda muddatini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Hududlarni obod qilish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Joriy yilda 7 ming 794 ta qishloq va mahalladagi sharoitlarini yaxshilash uchun 18 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llar qurish va ta’mirlashga yana 300 million dollar ajratilgan.
Prezidentimiz bu boradagi ishlar ijrosini tanqid qilib, mutasaddilarga qoloqlikni bartaraf etish va loyihalarni sifatli bajarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.