23.04.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasida bo‘lib, aholi hayoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni aniqlab, aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishga jalb etish, kommunal muammolarni hal qilib, hududini obodonlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Parvoz mahallasiga tashrif chog‘ida shu boradagi ishlar ijrosiga e’tibor qaratildi.
Bu yerdagi 41 ta ko‘p qavatli uyga “Shinam uy-joy” boshqaruv servis kompaniyasi sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ushbu shirkat binosini kirib ko‘rdi.
Kompaniyada tunu kun dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilgan. 35 doimiy, 20 dan ziyod mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Binoda «Xalq banki» bo‘limi ham tashkil etilgan.
Hududda maktabgacha ta’lim muassasalari, maktab, sport maydonchalari bor. Prezident shu yerda o‘ynayotgan bolalarga ezgu tilaklar bildirdi.
- Bolalarimiz sog‘lom bo‘lib, ko‘zlaridan nur yog‘ilsa, men uchun eng katta baxt shu. Sizlarning bilim olishingiz, kasb-hunarlar egallashingiz, sport bilan shug‘ullanishingiz uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar yaxshi o‘qib, al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek bobolarimizga munosib bo‘lib, ota-onangiz orzularini ushaltiradigan insonlar bo‘lib ulg‘aying, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallada savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida 157 kichik biznes sub’ekti bor. Aholini ish bilan ta’minlash maqsadida joriy yilda umumiy qiymati 73 milliard so‘m bo‘lgan 6 ta loyihani amalga oshirish va 310 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
- Bu Toshkent shahridagi eng katta mahallalardan biri - 10 ming 200 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda shunday ishlar qilingani boshqa mahallalarga namuna bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.
Mutasaddilarga poytaxtimizdagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish, buning uchun har biriga mablag‘ ajratib, loyihalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Shu yerda nuroniylar, jamoatchilik vakillari bilan samimiy suhbat bo‘ldi.
– Ulug‘ ayyom kunlarda sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman. Mehr ko‘zda degandek, yoshlar, nuroniylar bilan gaplashsam o‘zimga kuch, katta rejalar olaman. Odamlarning har bir gapi menga mas’uliyat bag‘ishlaydi. Xalqimizni rozi qilsak, inshoolloh, ajri ham bo‘ladi, - dedi Prezident.