15.04.2021
Samarqand – qadimiy shahar. Uning tarixiy qiyofasini saqlash muhim bo‘lganidek, aholining o‘sib borayotgan ehtiyoji uchun sharoit yaratish ham kerak. Shu bois shahar chekkasidagi Qorasuv mavzesida zamonaviy uy-joylar bunyod etilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda viloyatga tashrifi chog‘ida bu yerdagi dastlabki uylarni ko‘zdan kechirib, yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan edi. O‘tgan davrda bu loyihalar hayotga ko‘chdi. “Agromir Buildings” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mavzeda 16, 15, 14 va 12 qavatli jami 47 ta turar joy qurildi. Ularda 3 ming 588 ta xonadon bor.
Turar joylarning fasadi 3 qavatli qoplamadan iborat bo‘lib, xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishini ta’minlaydi. Binolarga videokuzatuv tizimi, yuqori texnologiyali yong‘in xavfsizligi uskunalari o‘rnatilgan. Har bir xonadon alohida isitish qozoni bilan jihozlangan. Uylar egalariga tayyor holda topshirilmoqda.
Umuman, Qorasuv mavzesida qurilgan ko‘p qavatli uylar soni 116 taga yetdi. Shuningdek, bu yerda 1 ming 600 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli bolalar bog‘chasi, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, savdo do‘konlari, o‘yin va sport maydonchalari barpo etilgan.
Joriy yilda yana 7 ta 16 qavatli, 2 ta 25 qavatli uylar qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarining sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Quruvchi tashkilotning sifat uchun mas’uliyati va javobgarligini yanada kuchaytiradigan mexanizm ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
– Rivojlangan davlatlardagidek uylar qurishni o‘zlashtirdik, endi xizmat ko‘rsatishni ham shunga yarasha yaxshilash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Chet el tajribasi asosida servis turlarini kengaytirish, ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi korxona hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus punkt tashkil etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shu yerda Samarqand shahri Bosh rejasi va shahar hududini kengaytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.