08.04.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, o‘tgan yili kichik biznes sub’ektlariga jami 120 trillion so‘mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi. Natijada, pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga o‘sdi.
Joriy yilning birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil topgan. Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sgan.
Yig‘ilishda ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha to‘liq foydalana olmayotgani qayd etildi.
– Juda og‘ir yillarda yashayapmiz. Har kuni izlanish, intilish va pirovard maqsadga ishlash kerak. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratmasak, tadbirkorlarni ko‘paytirmasak, shahar va tumanlarda mahalliy byudjet ko‘paymaydi-ku. Biz qanchalik ko‘p mablag‘ bermaylik, farmon-qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, quyi pog‘onadagi rahbarlar dunyoqarashini o‘zgartirib, tadbirkor bilan do‘st bo‘lib ishlamasa, natija bo‘lmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda hokimlar va sektor rahbarlariga o‘z hududida tadbirkorlikning ahvoli ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilardan qaysi hududda qaysi tadbirkorlik yo‘nalishlari rivojlantirilib, nechta yangi loyiha amalga oshirilishi, qancha ish o‘rni yaratilib, qancha aholi ish bilan ta’minlanishi bo‘yicha so‘rov bo‘ldi.
Aytib o‘tilganidek, rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumandan 28 tasida keskin o‘zgarish bo‘lgan. Bu tumanlarda 2 mingta yangi loyiha bajarilib, 25 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Viloyat, tuman va shahar hokimlariga shu tajriba asosida, har bir mahallaning rivojlanish dasturini ishlab chiqib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash, ijrosini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirkorlik uchun yer va binolar ajratish masalasi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari aholi bandligini ta’minlash uchun ularga o‘zi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish zarurligini ta’kidladi.
Masalan, mahalla idoralari binosida tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish yoki xususiy sheriklik asosida bino qurib, birgalikda foydalanish mumkin. Shuningdek, zamonaviy konstruksiyalardan ko‘chma shoxobchalar qurish ham qulay va arzon.
Mutasaddi tashkilotlarga yengil konstruksiyali savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularni auksion orqali joylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qo‘yish vakolatini mahalliy kengashlarga berish taklifi bildirildi. Bundan tashqari, unumdorligi past bo‘lgan va foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarida ham kichik sanoat zonalari tashkil etish mumkinligi aytildi.
Biznes barqarorligi uchun infratuzilma suv va havodek zarur. Lekin joylarda bu borada kamchiliklar borligi tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘lmoqda.
Jumladan, infratuzilmadagi muammolar tufayli 320 ta tadbirkor so‘nggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmayapti.
Yana bir misol – elektr quvvati past bo‘lgani bois, Yangihayot tumanidagi 24 ta korxonada 2,5 mingta ish o‘rni va eksportdan yiliga 25 million dollar yo‘qotilmoqda.
Shu bois sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga joriy yilda 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilmoqda. Buning evaziga yil yakuniga qadar 168 ta sanoat zonasi 468 kilometr elektr energiyasi, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yo‘l bilan ta’minlanadi.
Biznes-ombudsmanga joylarga chiqib, tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq muammolarini o‘rganib borish va ularni hal etish bo‘yicha Bosh vazirga takliflar kiritish topshirildi.
Tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Pandemiya davrida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish uchun 1 trillion so‘m ajratilgan edi. Buning hisobidan 20 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shu bois, Markaziy bankka joriy yilda oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilayotgan mablag‘larning kamida 1 trillion so‘mini xizmat ko‘rsatish sohasidagi yangi loyihalarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, kompensatsiya beriladigan kreditlar foizi miqdori Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan 1,75 baravarigacha oshirilishi belgilandi.
Joriy yilda tadbirkorlarga aylanma mablag‘lar uchun kamida 40 trillion so‘m kredit, bundan tashqari, Eksportni rag‘batlantirish agentligining 1 trillion so‘mi hisobidan eksportyorlarga “revolver” kreditlar ajratish muhimligi aytildi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida uch yil davomida soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqini berish tartibi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, eksportning valyutasi chet eldan o‘z vaqtida kelib tushmagani uchun jarima miqdorini 2 baravarga qisqartirish, majburiy ijro orqali undiriladigan qarzdorlikni byudjet va tadbirkorlar foydasiga teng taqsimlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlat xaridlari kichik va o‘rta biznes uchun katta imkoniyat ekani, hokimlar tadbirkorlarni ushbu jarayonga yanada faol jalb qilib, ularning davlat xaridlaridagi ulushini kamida 2 baravarga oshirishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlik rivoji bandlik masalasi bilan bog‘liq. Joriy yilda bandlik dasturi asosida 457 mingta doimiy yangi ish o‘rni tashkil etish maqsad qilingan.
Xususan, kichik va o‘rta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish o‘rni ochish mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, 40 ming nafar ishsizlarga o‘zini o‘zi band etishi uchun 92 milliard so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Yig‘ilishda bu masalaning dolzarbligiga yana bir bor ahamiyat qaratilib, mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.
Joriy yil birinchi choragida 36 trillion so‘m byudjet tushumi ta’minlanib, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 1,6 trillion so‘m qoldirilgani qayd etildi. Bor manbalarni kengaytirib va qo‘shimcha zaxiralarni tahlil qilib, bundan buyon ham tushumlarni kafolatli ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, tadbirkorlar bilan ishlashga yetarlicha e’tibor bermagan hokimlar va sektor rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar belgilandi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha va hududlar rahbarlari axborot berdi.