03.03.2021
Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 3-mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Aholi soni o‘sishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. Shavkat Mirziyoev Prezident vazifasiga kirishgan ilk pallalardanoq bu dolzarb masalani alohida e'tiborga olib, odamlarni uy bilan ta'minlash choralarini ko‘rdi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, qishloqlarda, 22-noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi. Ular asosida, o‘tgan to‘rt yilda 140 mingta uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning o‘rtacha soni taqqoslanganda, bu avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4-5 baravar ko‘pdir.
Lekin, shu bilan cheklanib qolinmaydi. Uyga ehtiyoji bor oilalar hali ham ko‘p. Bu bo‘yicha xalqdan murojaatlar bo‘lmoqda. Yana minglab uy-joylar barpo etish, loyiha va qurilish sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlashni hayotning o‘zi talab qilmoqda.
Videoselektor yig‘ilishida shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.
Prezident aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan ta'minlash, bu borada tanlash imkoniyatini kengaytirish zarurligini ta'kidladi.
Shu maqsadda joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta'minlash mo‘ljallanmoqda. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta uy quriladi.
Shundan “Qishloq qurilish invest” va “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari tomonidan 12 mingta uy, Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26 ming 500 ta kvartira, xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 8 mingta xonadon foydalanishga topshiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tagacha, jami 6,5 mingta oilaga kredit beriladi. Bundan tashqari, og‘ir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan mingta oila, ayniqsa, ayollarga ijara asosida ijtimoiy uy-joylar ajratiladi.
Hududlar miqyosida aytganda, Qoraqalpog‘istonda 2290 ta, Andijonda 4665 ta, Buxoroda 3220 ta, Jizzaxda 1670 ta, Qashqadaryoda 3710 ta, Navoiyda 1836 ta, Namanganda 4025 ta, Samarqandda 4479 ta, Surxondaryoda 3989 ta, Sirdaryoda 1414 ta, Toshkent viloyatida 4046 ta, Farg‘onada 4530 ta, Xorazmda 3016 ta va Toshkent shahrida 7556 ta uy-joy qurib bitkaziladi.
– Bugungi kungacha bunday hajmdagi qurilish dasturini amalga oshirmaganmiz. Shuning uchun, har bir viloyat hokimi uy-joy masalasi bilan chuqur shug‘ullanib, aniq hisob-kitobga ega bo‘lishi kerak. Eng katta masala – bu uy-joylarning narxini adolatli shakllantirish. Bugungi narx-navodan odamlarimiz rozi emas, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Shuning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlariga qurilish materiallarini arzonroq va yaqinroqdan olib, bir kvadrat metr uy narxini 4 million so‘mdan oshirmaslik choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Masalan, gazobeton bloklarini joylarda ishlab chiqarish orqali tannarxni kamaytirish mumkin. Shu bois “O‘zstandart” agentligiga har bir hududda gazobeton ishlab chiqaruvchilarni standartlarga o‘rgatib, mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda qurilish ishlarining moliyaviy manbalari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilda aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturi doirasida 11 trillion 500 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ta'kidlandi.
– Bu yildan boshlab, ipoteka krediti bo‘yicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar bo‘lmaydi, hududlar qo‘shimcha taklif bilan chiqsa, ijobiy hal qilinadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Fuqarolarga yakka tartibda uy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kredit ajratilishi belgilandi. Bunday kreditlar 20 yilga ajratiladi, ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Moliya vazirligiga ushbu yo‘nalish uchun 1,5 trillion so‘m resurs ajratish, viloyat hokimlariga qaysi tumanda qancha oilaga ko‘mak berish masalasini hal etish vazifasi qo‘yildi.
Uy-joylar qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, joriy yilda ipoteka krediti bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davr kiritiladi. Shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Ya'ni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos.
Kredit olgan aholi uchun foiz to‘lovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi.
Shuningdek, quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytirilishi ma'lum qilindi. Jumladan, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar bo‘yicha 20 milliard so‘mgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensasiya beriladi.
Yig‘ilishda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarni ijtimoiy ijara asosida uy bilan ta'minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun hududlarga mingta kvartira sotib olish uchun mablag‘ ajratilishi qayd etildi.
Lekin, shu bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy ijarani kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. Misol uchun, xususiy uylar ijara haqining bir qismiga subsidiya berish yoki foydanilmayotgan yotoqxonalarni ta'mirlab, ijtimoiy ijaraga ajratish mumkin.
Mutasaddilarga bu boradagi tartibni ishlab chiqish va eng muhtoj oilalar ruyxatini shakllantirish bo‘yicha topshiriq berildi.
– Eng muhim masala, berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qo‘llash bo‘yicha adolatli tizim yaratish, bu borada odamlarimizning xabardorligini oshirish zarur, – dedi Prezident.
Shu maqsadda mahalliy kengash deputatlari, jamoat faollari ishtirokida “xalqparvar komissiya” tashkil etish taklifi bildirildi. Ular quruvchiga yerning adolatli ajratilishi, imtiyozga mos ehtiyojmand oilalar ro‘yxatining shakllanishi va qurilishlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi. Yangi tizim asosida, sohada yaratilayotgan imkoniyatlar mahallalarda keng aholiga yetkaziladi.
Moliya vazirligiga 1 iyunga qadar subsidiya to‘lanadigan fuqarolarni ijtimoiy mezonlar asosida tanlash va subsidiya to‘lash jarayonlarini avtomatlashtirish vazifasi yuklatildi. Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga 1 maygacha kredit berish va subsidiya olish tartiblari, uy-joylar hamda quruvchilar haqidagi ma'lumotlarni qamrab oluvchi ipoteka veb-portalini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Davlatimiz rahbari qurilish sifati masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Har bir loyiha ipoteka veb-portaliga joylashtirilishi va barcha uchun ochiq e'lon qilinishi, uylarning bo‘lajak egasi sifatni nazorat qilish imkoniga ega bo‘lishi kerakligi ta'kidlandi.
Uylar qurilishiga salohiyatli mutaxassislar, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega, moliyaviy barqaror pudrat tashkilotlarini reyting tizimi asosida jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Yangi tartib asosida quriladigan uylar bo‘yicha texnik nazoratni amalga oshirish hududlardagi Yagona buyurtmachi xizmatiga yuklatildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha va hududlar rahbarlari axborot berdi.