18.02.2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida sanoat salohiyatini yanada oshirish uchun tuman va shaharlarda texnopark, kichik sanoat zonalari, hududiy klaster va logistika markazlari tashkil etilishini aytgan edi.
Xususan, Namangan viloyatida 72 ta kichik sanoat zonasi uchun joy ajratilgan. Bugungi kunda shundan 34 tasi qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Dashtbog‘dagi majmua yaqinda tashkil etilganiga qaramay, korxonalar birin-ketin ishga tusha boshladi. Masalan, “Dream liner tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida maxsus kiyimlar va erkaklar ko‘ylagi tikish yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda 120 nafar mahalliy aholi ishlamoqda.
Shavkat Mirziyoyev ular bilan muloqotda bo‘ldi.
- Eshityapsizlar, O‘zbekistonda «mahallabay», «xonadonbay» degan ibora paydo bo‘ldi. Bu degani - har bir oilaning dardini, niyatini bilib, ularga yelkadosh, ko‘makdosh bo‘lish, sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Mahallangizda mana shunday joy qurilgani, sizlar ishli bo‘lib, bir-birlaring bilan ko‘rishib, viloyatda, mamlakatimizda bo‘layotgan yangiliklardan xabardor bo‘lib, yaxshi kayfiyatda yashayotganlaringiz - ana shu harakat natijalaridan biri. Oldinda yana rejalarimiz, maqsadlarimiz ko‘p. Namanganga ham odamlarning ertangi kunini yaxshi qilish uchun katta zamin, katta mablag‘lar bilan keldik, - dedi Prezident.
Bu yerda yana to‘rtta korxona faoliyat yuritmoqda. “Navro‘z tekstil sanoat” korxonasida bolalar va erkaklar kiyimi, “Aziz Dizayn Servis” shirkatida sumka, ryukzak va chamadon, “Biaz text”da sendvich panellar ishlab chiqarilmoqda. “Kelajak mega stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘quv markazi ochilgan. Mazkur korxonalarda 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
“Dashtbog‘” kichik sanoat zonasi maydoni qariyb 4 gektar. Yana ko‘plab korxonalarda qurilish, uskunalar o‘rnatish davom etmoqda. Sanoat zonasida umumiy qiymati 119 milliard so‘mlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 3 mingdan ortiq ish o‘rni yaratib, 2,7 million dollarlik eksport qilish mo‘ljallangan.
Shu yerda Namangan viloyatida yo‘l, transport, qurilish va kommunal infratuzilmani rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari Axsikent yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish loyihasiga alohida e’tibor qaratdi.
- Axsikent - juda nodir yodgorlik. U yerdagi ishlarni ilm bilan, milliy g‘urur bilan, hurmat bilan qilish kerak. Bu joy «Namanganning Registoni» bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.